
Rossiya Vatikanda muzokara o‘tkazish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamaydi
23.05.2025 | 15:4538554
Bloomberg nashrining yozishicha, Rossiya Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar uchun Vatikanni manzil sifatida ma’qul deb hisoblamaydi. Kreml texnik darajadagi muloqotlarga e’tibor qaratayotgan bo‘lib, Putinning xalqaro safarlarga chiqishi rejalashtirilmagan.

2025 yil 23 may kuni Bloomberg nashri tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Rossiya rasmiylari Ukraina bilan tinchlik muzokaralarini Vatikanda o‘tkazish g‘oyasini ma’qullamaydi. Bu pozitsiya Rossiya tomonining muzokaralarga nisbatan ehtiyotkor yondashuvini ko‘rsatadi. Ma’lum qilinishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin hozirda Vatikan yoki boshqa davlatlarga bevosita tashrif buyurishni rejalashtirmayapti.
Rossiya muzokaralarni hozircha texnik darajada olib bormoqda va 16 may kuni Istanbulda boshlangan muzokaralar ayni shu yo‘nalishda davom ettirilmoqda. Siyosatshunos Sergey Markovning ta’kidlashicha, Vatikan Rossiya uchun betaraf maydon hisoblanmaydi, chunki Vatikan NATO a’zosi bo‘lgan Italiya hududida joylashgan. Shuningdek, Italiya Xalqaro jinoiy sud (HJS)ning Rim statutisini ratifikatsiya qilgan va Putinga qaratilgan order asosida uni qo‘lga olish majburiyati bor.
Bloomberg'ning yana bir manbaga tayanib yozishicha, Rossiya pravoslav cherkovi ham Vatikandagi muzokaralarga qarshi. Sababi — Rim-katolik cherkovi Ukrainadagi RPS ibodatxonalarining yopilishiga munosabat bildirmagan, va ikki cherkov o‘rtasidagi tarixiy raqobat saqlanib qolmoqda.
Bundan avval The Wall Street Journal xabariga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp 19 may kuni Yevropaning yetakchilariga Rossiya–Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi navbatdagi muzokaralar Vatikanda o‘tkazilishini aytgan. Voqea 2025 yil iyun oyi o‘rtasida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Italiya bosh vaziri Jorja Meloni ham 20 may kuni Vatikan muzokaralarga tayyor ekanini bildirgan edi. Ammo Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov 21 may kuni ushbu masala bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmaganini, bu masala barcha manfaatdor tomonlar bilan kelishilgan holda hal etilishi kerakligini ta’kidladi.





