add

Rossiya vaziri «umumiy tarix» talab qilib, postsovet davlatlari maktablariga burnini suqmoqda

25.06.2025 | 20:0044366

Rossiya maorif vaziri Sergey Kravsov ayrim MDH davlatlari tarix darsliklarida Rossiyaga salbiy munosabat borligini aytib, «umumiy tarix»ning yagona talqinini kelishish bo‘yicha ish boshlaganini ma’lum qildi.

Rossiya vaziri «umumiy tarix» talab qilib, postsovet davlatlari maktablariga burnini suqmoqda
Rossiya Federatsiyasi ta’lim vaziri Sergey Kravsovning 25 iyun kuni Davlat Dumasidagi bayonoti Mustaqil davlatlar hamdo‘stligidagi ta’lim sohasiga jiddiy savollarni olib kirdi. Uning aytishicha, ayrim mamlakatlar tarix darsliklarida, xususan, sovet davri haqidagi ma’lumotlar Rossiyaga nisbatan salbiy ruhda yoritilmoqda va buni bartaraf etish uchun Rossiya ushbu davlatlar bilan «kelishilgan tarix» yaratish ustida ishlamoqda. Kravsov qaysi mamlakatlar nazarda tutilganini ochiq aytmadi, lekin uning ta’kidlashicha, go‘yoki Rossiya va MDH davlatlari «yagona ma’rifiy, madaniy va ma’naviy makon» qurishi lozim. Rossiya maorif vazirining bu bayonoti jamoatchilikda, xususan, O‘zbekistonda jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Jamoatchilik faollariga ko‘ra, O‘zbekistonning tarix darsliklarida sovet davriga oid ma’lumotlar xolis va muvozanatli tarzda aks ettiriladi. Imperiyaviy bosqinlar, qatag‘onlar, ocharchiliklar va iqtisodiy mustamlaka siyosati haqidagi faktlar zamonaviy O‘zbekiston tarixi uchun muhim saboqlardir. Rossiyaning bu kabi bayonotlari mustaqil ta’lim siyosatiga surbetlarcha aralashuv sifatida baholanmoqda. «Biz o‘z tariximizni o‘zimiz yoza olamiz, bizga Putin yoki uning malaylari yozib bergan «talqini kelishilgan» tarix shart emas. Rossiya hozirgi O‘zbekiston hududlariga bosqinchi o‘laroq kelgan, aynan Rossiya imperiyasi va sovet Rossiyasi o‘zbek davlatlarini yo‘q qilgan. Yaqin tariximizdagi misli ko‘rilmagan ocharchilik, qahatchilik, qatag‘onlar aynan sovet davrida yuz bergan. Sovet davlati natsistlar Germaniyasi bilan birga boshlagan Jahon urushi sabab minglab o‘zbekistonlik halok bo‘lgan. 1980-yillarda O‘zbekistonni butun dunyoga olabo‘ji qilib ko‘rsatib, uydirma ayblovlar bilan qilingan qatag‘onlar ham unutilmasligi kerak. Aynan Rossiya imperiyasi va sovetlar O‘zbekistonni paxta yakkahokimligiga qaram qilgan, buning ortidan butun boshli dengiz quriganini gapirmay. Har bir davrning yomonligi yomonlik, yaxshiligi esa yaxshilik deya e’tirof etilishi kerak, urushni esa urush, qatag‘onni qatag‘on, jallodni esa jallod deb atash kerak. Buni boshqa davlatlar bilan kelishishga hech zarurat yo‘q. Urushni «maxsus harbiy operatsiya» deb atashga o‘xshash «yumshoq muqobillar»ga umuman o‘rin berilmasligi kerak», — deya yozgan Muhrim A’zamxo‘jayev o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. Rossiya tomonining «umumiy tarixni kelishib olish» urinishlari mustamlakachilik tafakkurining qoldig‘i sifatida ko‘rilayotgani shubhasiz. Maqsad tarixni yangidan yozish emas, balki uni qayta formatlab, siyosiy manfaatlarga moslashtirish bo‘lsa, bu nafaqat ta’lim sohasi, balki umumiy mintaqaviy barqarorlik uchun ham xavfli tendensiya sanaladi. O‘zbekiston ta’lim vazirligi hozircha bu masala yuzasidan hozircha rasmiy munosabat bildirganicha yo‘q.

Teglar

Mavzuga oid

Rossiya vaziri «umumiy tarix» talab qilib, postsovet davlatlari maktablariga burnini suqmoqda | Vaqt.uz