
Rossiya Xitoyga suyultirilgan gazni 40 foiz arzoniga sotmoqda — Reuters
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Xitoyga avgustdan beri jami 14 ta arzon STG partiyasi yuborilgan.

Rossiyaning yirik energetika kompaniyasi NOVATEK 2025 yil avgustidan beri o‘zining «Arktik STG-2» loyihasidan olinayotgan suyultirilgan tabiiy gaz (STG)ni Xitoyga 30–40 foizlik chegirma bilan sotmoqda. Bu haqda Reuters axborot agentligi, vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ilk partiya 28-avgust kuni Xitoyga yetkazilgan va u vaqtda 1 mln BTE uchun bazaviy narx (11 dollar)dan 3–4 dollar kam narxda sotilgan. Keyingi 13 partiya ham shunday katta chegirmalar bilan eksport qilingan. Reuters manbalariga ko‘ra, umumiy narx har bir partiya uchun 28–32 mln dollar oralig‘ida bo‘lgan, bu esa bozordagi o‘rtacha 44 mln dollarlik narxdan ancha arzon hisoblanadi.
«Arktik STG-2» loyihasiga AQSH, YI, Kanada va Buyuk Britaniya tomonidan sanksiyalar joriy etilgan. Bu sanksiyalar loyihaning xalqaro moliyaviy va texnik ta’minlash imkoniyatlarini cheklagani bois, Rossiya Xitoy mijozlarini saqlab qolish uchun narxni pasaytirishga majbur bo‘lgan.
Reuters Xitoydagi aniq xaridor kompaniyalar nomini aniqlay olmaganini ta’kidlagan. Lekin ekspertlar bunday kelishuvlar Rossiyaning sanksiyalar sharoitidagi eksport strategiyasida Xitoyga bo‘lgan qaramlik kuchayib borayotganini ko‘rsatishini qayd etmoqda.





