
Rossiyada 1 sentyabrdan «shubhali» pul yechish amaliyotlari 48 soatga bloklanadi
50 ming rubldan ortiq naqd pul yechishda noodatiy faollik aniqlansa, operatsiya to‘xtatiladi

1 sentyabrdan boshlab Rossiya banklari mijozlarning naqd pul yechish amaliyotlarini 48 soatgacha bloklash huquqiga ega bo‘ladi. Bu holat, agar mijozning xulq-atvori shubhali yoki noodatiy deb topilsa, amalga oshiriladi. Bu haqda Moliya vazirligi huzuridagi NIFI mutaxassisi Olga Dayneko «Gazeta.Ru» nashriga ma’lum qildi.
Mutaxassisga ko‘ra, shubhali harakatlar qatoriga tungi vaqtda yoki katta miqdorda (50 ming rubldan ortiq) pul yechish, avval foydalanilmagan usul (masalan, QR-kod) orqali yechish, shuningdek, bir kun avval kredit olish yoki katta pulni boshqa bankdan o‘tkazish kiritiladi. Xususan, 200 ming rubldan ortiq mablag‘ni omonatdan hisobga o‘tkazish ham shubha uyg‘otadi.
Banklar mijoz faoliyatida 6 soat ichida shubhali belgilarni — notanish raqamlardan qo‘ng‘iroq, SMS, messenjerda xabar, «Gosuslugi» orqali ogohlantirish, PIN-kodni bir necha marta noto‘g‘ri kiritish kabilarni kuzatsa, pul berish vaqtincha to‘xtatiladi.
Bundan tashqari, rossiyaliklar 1 sentyabrdan o‘z hisobidan pul yechish va o‘tkazmalarni tasdiqlovchi ishonchli shaxs tayinlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu shaxs operatsiyani 12 soat ichida tasdiqlashi yoki rad etishi lozim. Opsiyadan voz kechish esa bir kundan so‘ng amalga oshiriladi.
Avvalroq Rossiya Markaziy banki barcha tijorat banklariga mijozlar hisoblari bloklansa, ularga sababni aniq tushuntirishni majburiy qilib belgilagan edi.





