add

Rossiyada 8,7 balli zilzila sodir bo‘ldi

30.07.2025 | 09:5319243

Rossiyaning Kamchatka yarimorolida 8,7 balli kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Oqibatda 4 metrgacha yetgan sunami to‘lqinlari qayd etildi. Yaqin atrofdagi mamlakatlar — Yaponiya, AQSH va boshqa orol davlatlari xavfli holatdan ogohlantirildi.

Rossiyada 8,7 balli zilzila sodir bo‘ldi
Rossiyaning Kamchatka yarimoroli sharqiy sohilida 8,7 balli zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila markazi Petropavlovsk-Kamchatskiy shahridan 136 km sharqda, 18 km chuqurlikda joylashgani aniqlandi. Bu haqda AQSH Geologiya xizmati va Rossiya Fanlar akademiyasi Geofizika xizmati xabar berdi. Tinch okeani sohillarida, xususan AQSHning Kaliforniyagacha bo‘lgan hududlarida ham sunami xavfi e’lon qilindi. AQSH hukumati Alyaska va Gavayi orollarida, shuningdek, Guam va Mikroneziya orollarida sunamiga tayyor turishni buyurdi. Yaponiyadagi Xokkaydo oroli va Tokio hamda Osaka shaharlarida 1 metrgacha to‘lqinlar qayd etildi. Yaponiya meteorologiya agentligi yanada yuqori to‘lqinlar bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Yaponiya bosh vaziri Sigeru Ishiba fuqarolarni tezkor ravishda xavfli hududlarni tark etishga chaqirar ekan, «fuqarolarga zarar yetmasligi uchun barcha choralarni ko‘ramiz», dedi. Kamchatkada qurbonlar qayd etilmagan. Ammo sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari Oleg Melnikovning ta’kidlashicha, bir necha fuqarolar evakuatsiya vaqtida jarohat olgan. Jumladan, bir ayol aeroportda tan jarohati olgan, boshqa bir fuqaro esa qo‘rquvdan derazadan sakragan. Kamchatka gubernatori Vladimir Solodov fuqarolarni qirg‘oq hududlaridan uzoqlashishga va rasmiy e’lonlarga amal qilishga chaqirdi. Kamchatka yarimoroli vulqonlarga boy bo‘lib, 28 ta faol vulqon mavjud.

Teglar

Mavzuga oid