
Rossiyada biometrik ma’lumot topshirmagan xorijliklar mobil aloqadan uziladi
01.07.2025 | 21:1526973
1 iyuldan boshlab Rossiyada biometrik ma’lumot bermagan chet el fuqarolariga mobil aloqa xizmatlari bosqichma-bosqich to‘xtatilishi belgilandi.

Rossiyada 2025 yil 1 iyuldan boshlab Yagona biometrik tizimda ro‘yxatdan o‘tmagan xorijliklar mobil aloqadan uzib qo‘yiladi. Bu haqda Rossiya Raqamli rivojlanish vazirligi ma’lum qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, 2025 yildan boshlab Rossiya hududida xorijliklar mobil operator bilan faqat biometrik ma’lumotlar taqdim etgan taqdirda shartnoma tuzishi mumkin. Bir kishi o‘z nomiga ko‘pi bilan 10 ta SIM-karta rasmiylashtirish huquqiga ega. Eski shartnomalar egalari esa 1 iyulga qadar biometrik ma’lumot topshirishi shart edi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, uch oydan ortiq faol bo‘lmagan telefon raqamlari darhol o‘chiriladi. Faol raqamlar esa bosqichma-bosqich uziladi. Avvalo, xalqaro va shaharlararo qo‘ng‘iroq xizmatlari cheklanadi, internet tezligi pasaytiradi, 30 kun o‘tgach esa operatorlar butunlay xizmat ko‘rsatishni to‘xtatadi.
Rossiya hukumati bu choralarni «kulrang» SIM-kartalardan foydalanishga qarshi kurashish va milliy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida joriy qilgan. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha ikki milliondan ortiq xorijlik Yagona biometrik tizimda ro‘yxatdan o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya 2024 yilda xorijliklar uchun SIM-karta sotib olish talablarini qat’iylashtirishni taklif qilgan edi. Yangi tartib mobil aloqa bozorini tartibga solish va huquqbuzarliklarni kamaytirishga qaratilgan.





