
Rossiyada g‘arb samolyotlariga cheklov qo‘yish lozim — «Aeroflot» rahbari
05.06.2025 | 21:305153
Rossiyaning yirik aviatashuvchisi — «Aeroflot» kompaniyasi rahbari Sergey Aleksandrovskiy mamlakat hukumatini ichki va tashqi samolyotlar ulushini davlat darajasida tartibga solishga chaqirdi. Bu orqali ichki aviasanoat rivojini rag‘batlantirish va G‘arb sanksiyalarining oqibatlarini yengish mumkin, deb hisoblaydi u.

2022 yilda Ukrainaga bosqindan so‘ng AQSH va YeI Rossiyaga samolyot va ehtiyot qismlar yetkazib berishni taqiqladi. Shuning natijasida «Aeroflot» tarkibidagi Airbus va Boeing samolyotlari turli texnik muammolarga duch kelmoqda. Rossiya esa 2030 yilgacha 1000 dan ortiq fuqarolik samolyoti ishlab chiqarishni maqsad qilgan, biroq oxirgi uch yilda faqat sanoqli samolyotlar ishlab chiqarilgan.
«Aeroflot» rahbariga ko‘ra, sanksiyalarga moslashish davomida kompaniya o‘z prognozlarini yaxshilagan va kelgusida yana oshirish ehtimolini istisno qilmaydi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya aviasanoati bilan o‘zaro anglashuv mavjud va samarali milliy aviapark yaratish zarur.
«Xorij bozorlariga chiqish imkoni paydo bo‘lsa ham, G‘arb va Rossiyada ishlab chiqarilgan samolyotlar nisbati qonun darajasida aniq belgilanishi kerak», — dedi Aleksandrovskiy «Kommersant’» nashriga.
U mahalliy samolyotlar bilan bog‘liq muammolarni tan oldi, ammo ularni bosqichma-bosqich yangi MC-21 va Superjet samolyotlarini joriy qilish orqali hal etish mumkinligini aytdi. «Darhaqiqat, 100 ta yangi samolyotni darhol olmaymiz», — dedi u.
Ayrim aviakompaniyalar bunday proteksionist yondashuvni ma’qullamasligi mumkin. Ammo, rahbarning ta’kidlashicha, masala kimning yo‘qtirishi emas, balki Rossiya aviasanoatining kelajagi va unga kiritilgan davlat investitsiyalari samaradorligi haqida.





