
Rossiyada halok bo‘lgan harbiylar oilalari uchun 300 mingdan ziyod guvohnoma tayyorlangan
28.05.2025 | 12:0029084
Rossiya Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi 2022 yildan buyon 300 mingdan ortiq halok bo‘lgan harbiylar oila a’zolari uchun maxsus guvohnoma tayyorlagan. Bu haqda «Vyorstka» nashri davlat xaridlari ma’lumotlariga tayangan holda xabar berdi.

Shu bilan birga, umumiy hisobda 1,56 millionga yaqin jangovar harakatlar ishtirokchilari uchun guvohnomalar ham buyurtma qilingan.
2023 yilda guvohnoma tayyorlash eng avj nuqtasiga chiqqan: u paytda 800 mingdan ziyod veteranlar uchun va 250 mingdan ziyod halok bo‘lganlar oilalari uchun hujjatlar buyurtma qilingan. 2024 yilda esa bu ko‘rsatkich ancha pasaydi — tegishlicha 304 ming va 8 ming guvohnoma. Ammo 2025 yilda qaytadan o‘sish kuzatildi: 357 ming guvohnoma buyurtma qilindi, shundan 40,2 ming nafari halok bo‘lganlar oilalari uchun tayyorlangan.
Ushbu guvohnomalar 11 ta federal idoralar orasida taqsimlangan bo‘lib, eng ko‘pi — 744 897 dona — Mudofaa vazirligiga berilgan. Keyingi o‘rinda Mehnat vazirligi va uning tarkibidagi muassasalar — 531 997 guvohnoma, shuningdek, IIVga 147 ming guvohnoma topshirilgan.
«Vyorstka» nashrining ta’kidlashicha, bunday guvohnomalar urushdan avval ham tayyorlangan, ammo hajmi ancha kam bo‘lgan. Urush boshlangandan beri, ayniqsa halok bo‘lganlar oilalari uchun tayyorlanayotgan hujjatlar soni keskin ortgan. Biroq, ularning qanchasi aynan Ukrainadagi urushda qatnashganlarga tegishli ekani aniq ko‘rsatilmagan.
Shu bilan birga, 2025 yil fevral oyi holatiga ko‘ra, Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti Rossiya armiyasi yo‘qotishlarini 783 ming kishi deb baholagan — 172 ming halok bo‘lgan va 376 ming kishi nogiron bo‘lib qolgan. Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi esa bu ko‘rsatkichni 950 mingga yetganini bildirgan.
Reuters va ISW tahlillariga ko‘ra, Rossiya hozir Ukraina hududining 20 foizdan kamrog‘ini nazorat qilmoqda. Forbes hisob-kitobiga ko‘ra esa, shu sur’atda urush davom etsa, Ukraina hududini to‘liq egallash uchun Rossiyaga 230 yil va 101 million qurbon talab qilinadi.





