Rossiyada homilador ayollar reyestri ishga tushiriladi

22.02.2026 | 18:552 daqiqa

Reyestrga homiladorlik jarayoni, tug‘ruq va bolaning holatiga oid ma’lumotlar kiritiladi. Rossiya rasmiylari Ukrainaga qarshi davom etayotgan urush fonida tug‘ilish ko‘rsatkichini oshirishga chaqirmoqda.

Rossiyada homilador ayollar reyestri ishga tushiriladi

Rossiyada tug‘ilish ko‘rsatkichini oshirishga qaratilgan choralar doirasida homilador ayollar reyestri yaratiladi. Ma’lumotlar banki 1-martdan ish boshlaydi, deb xabar berdi 22-fevral kuni TASS agentligi o‘z ixtiyoridagi hujjatga tayanib.

Reyestrga ayolning hisobga qo‘yilishi, reproduktiv texnologiyalar qo‘llanilgan-qo‘llanilmagani, ehtimoliy og‘ir holatlar, homiladorlik yakunlari, bolaning tug‘ilgan sanasi va joyi hamda perinatal davrdagi holati haqidagi ma’lumotlar kiritilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, me’yoriy kechgan homiladorliklar va to‘liq muddatda tug‘ilgan bolalar ulushi, perinatal davrda og‘ishlar, tug‘ma anomaliyalar, deformatsiyalar yoki xromosom buzilishlari bilan tug‘ilgan bolalar bo‘yicha statistika yuritilishi ko‘zda tutilgan.

Urush fonida tug‘ilish keskin kamaydi

Homilador rossiyalik ayollar reyestrini yaratish rejalari haqida 2025 yil oktabr oyida Rossiya bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikova ma’lum qilgan edi. Loyiha «demografik vaziyatni monitoring qilish» maqsadida, ayrim kasalliklarga ega shaxslar federal reyestri doirasida amalga oshirilishi aytilgan.

O‘sha yig‘ilishda Rossiya prezidenti Vladimir Putin uch va undan ortiq farzandli ko‘p bolali oilalarni yangi me’yorga aylantirishga chaqirgan. 2026 yil fevral oyida esa u tadbirkorlarni tug‘ilishni rag‘batlantirishga da’vat etgan.

Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi choragida Rossiyada 288,8 ming bola tug‘ilgan – bu 2024 yilning shu davriga nisbatan 4 foizga kam. 2024 yil yakunlariga ko‘ra, jami 1,222 million bola tug‘ilgan bo‘lib, bu 1999 yildan beri eng past ko‘rsatkichdir. Tabiiy aholi kamayishi qariyb 600 ming nafarga yetgan. Shundan so‘ng Rossiya hukumati tug‘ilish va aholi soniga oid rasmiy ma’lumotlarni yopiq qildi.

Teglar

Mavzuga oid