
Rossiyada internet va reklamaga yangi cheklovlar kuchga kirdi
02.09.2025 | 18:4010883
1 sentyabrdan mamlakatda VPN reklamasi, taqiqlangan kontent va ayrim servislarga qat’iy cheklovlar o‘rnatildi.

Rossiyada internet va reklama sohasini tartibga solishga qaratilgan qator yangi qonunlar kuchga kirdi. Ularga ko‘ra, internetda ekstremistik deb topilgan materiallarni izlash yoki yuklab olish mumkin emas. Bunday holat uchun fuqarolar 5000 rublgacha jarimaga tortilishi mumkin.
Onlayn-kinoteatrlar milliy qadriyatlarga zid deb baholangan filmlarni efirdan olib tashlaydi. Shuningdek, agar badiiy g‘oya bilan asoslanmagan bo‘lsa, kitob va filmlarda taqiqlangan moddalarni tilga olish ham man etildi. Musiqa sohasida ham taqiqlar joriy qilinib, ayrim ijrochilar asarlarini qayta yozishga majbur bo‘lmoqda.
Bloklangan ijtimoiy tarmoqlarda reklama joylashtirish qat’iyan man etildi. Oldindan berilgan e’lonlar ham olib tashlanishi shart. Fuqarolar uchun jarima 2500 rublgacha, mansabdorlar uchun 20 ming rublgacha, yuridik shaxslar uchun esa 500 ming rublgacha belgilandi. VPN xizmatlarini reklama qilish yoki ulardan foydalanish bo‘yicha qo‘llanmalar tarqatish uchun esa yanada katta jarimalar nazarda tutilgan — fuqarolarga 80 ming, mansabdorlarga 150 ming, kompaniyalarga esa 500 ming rublgacha.
Yangi qoidalarga ko‘ra, har bir sotiladigan smartfonga MAX messenjeri va RuStore ilovalari oldindan o‘rnatilishi shart. Shuningdek, SIM-karta yoki shaxsiy hisoblarni boshqa shaxsga berish 200 ming rublgacha jarimaga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, banklar sud qarorisiz hisoblarni to‘sib qo‘yishi, mobil operatorlar esa abonentlarning aloqasini uzib qo‘yishi mumkin.





