
Rossiyada migrantlar soni bir yil ichida 600 mingtaga kamaygan
2026 yil boshiga kelib Rossiya hududida bo‘lgan xorijiy fuqarolar soni 5,7 million kishini tashkil qildi. Bu ko‘rsatgich o‘tgan yilga nisbatan 10 foizga kam.

2026 yil boshiga kelib Rossiya hududida bo‘lgan xorijiy fuqarolar soni 5,7 million kishini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich bir yil ichida qariyb 10 foizga kamaygan bo‘lib, 2025 yil boshida mamlakatda taxminan 6,3 million migrant bo‘lgan. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligi Migratsiya xizmati tahliliy boshqarmasi boshlig‘i Aleksandr Perejoginga tayanib, Vedomosti xabar berdi.
Aleksandr Perejoginning ma’lum qilishicha, pasayishga asosiy sabab voyaga yetmagan xorijiy fuqarolar sonining qariyb chorakka qisqarganidir. 2025 yildan boshlab rus tilini bilish bo‘yicha majburiy testdan o‘tmagan migrant bolalarni Rossiya maktablariga qabul qilish taqiqlangan. Shuningdek, farzandlarining asosiy umumiy ta’lim olishini ta’minlamagan xorijliklar mamlakatda qolish huquqidan mahrum etilishi mumkin.
Ekspertlar fikricha, migrantlar sonining qisqarishi migratsiya qonunchiligining umumiy tarzda qat’iylashtirilishi bilan ham bog‘liq. Rossiyada qonun buzgan xorijiy fuqarolar endi “nazorat qilinadigan shaxslar reyestri”ga kiritiladi. Bu esa ularning bank hisobvaraqlaridagi mablag‘lardan foydalanishini, nikoh tuzishini va ayrim ijtimoiy xizmatlardan foydalanishini cheklaydi.
Shuningdek, 2025 yildan vizasiz tartibda kelgan xorijliklar uchun Rossiyada bo‘lish muddati bir kalendar yilda 90 kun bilan cheklangandi. Ilgari amal qilgan 90/180 qoidasi bekor qilingan. Mutaxassislar bu choralar migratsiya oqimini sezilarli darajada qisqartirganini ta’kidlamoqda.





