add

Rossiyada qamalgan o‘zbekistonliklarning 60 foizi giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyat uchun jazo olgan

23.09.2025 | 17:0033344

Rossiyada jazo o‘tayotgan o‘zbekistonliklarning katta qismi giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun qamalgani ma’lum qilindi. Qolganlari asosan jinsiy zo‘ravonlik, qotillik va boshqa og‘ir jinoyatlar bilan bog‘liq holda jazoga tortilgan.

Rossiyada qamalgan o‘zbekistonliklarning 60 foizi giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyat uchun jazo olgan
Rossiyada jazo o‘tayotgan o‘zbekistonliklarning asosiy qismi, ya’ni 60 foizi giyohvandlikka oid jinoyatlar uchun qamalgan. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti boshqarma boshlig‘i Munira Nizamova ma’lumot berdi.  Ma’lumotlarga ko‘ra, rossiyalik huquq-tartibot idoralari qayd etgan jinoyatlarning 60 foizi giyohvandlikka oid. Ikkinchi o‘rinda jinsiy zo‘ravonlik (12 foiz), keyin esa qotillik (7 foiz), sog‘liqqa og‘ir zarar yetkazish (5 foiz), o‘g‘rilik (4 foiz) va firibgarlik (3 foiz) turadi. Qolganlari turli toifadagi jinoyatlardir. Munira Nizamovaning so‘zlariga ko‘ra, bu jinoyatlar ortidan Rossiya aeroportlarida o‘zbekistonlik yo‘lovchilarga nisbatan tekshiruvlar kuchaytirilgan, tekshiruvlar o‘rtacha 6–8 soat davom etadi, ba’zi hollarda esa 10–12 soatgacha cho‘ziladi. Bu holat ayollar va bolali oilalar uchun katta qiyinchilik tug‘dirmoqda. TIV vakili ayni paytda Rossiya, Qozog‘iston, Koreya va Turkiyadagi deportatsiya markazlarida qamoqda bo‘lgan o‘zbekistonliklar bilan doimiy uchrashuvlar o‘tkazilayotganini bildirdi. Diplomatik missiya xodimlari ularga huquqiy yordam ko‘rsatish bilan birga profilaktika ishlarini ham olib bormoqda. Mas’ul shaxsning ta’kidlashicha, ko‘plab o‘zbekistonliklar xorijga ishlash yoki o‘qish maqsadida ketayotganda mahalliy qonun-qoidalar va migratsiya talablari haqida yetarli ma’lumotga ega emas. Bu esa ularning ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga, ayrim fuqarolar bilib turib ham katta daromad izlab jinoyatga qo‘l urish holatlari ham kuzatilmoqda. O‘zbekistondagi mahalla nazorati va oila ta’siridan tashqarida qolgan ayrim fuqarolar chet davlatlarda urf-odatlar va qonunlarga rioya etmasdan, g‘ayritabiiy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymoqda. Bu esa nafaqat ularning o‘zlariga, balki mamlakat obro‘siga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, deydi Munira Nizamova

Teglar

Mavzuga oid