add

Rossiyada rublni zaiflashtirish orqali byudjetni to‘ldirish rejasi muhokamada

20.05.2025 | 10:0037054

Rossiya hukumati va Markaziy bank byudjetdagi yirik taqchillikni qoplash uchun rublni bosqichma-bosqich qadrsizlantirishni muhokama qilmoqda. Reuters manbasining xabar berishicha, hukumat dollar kursini 100 rublgacha chiqarishni iqtisodiyot uchun qabul qilsa bo‘ladigan ssenariy sifatida ko‘rib chiqmoqda.

Rossiyada rublni zaiflashtirish orqali byudjetni to‘ldirish rejasi muhokamada
Manbaning ta’kidlashicha, ayni paytda davlat manfaatlaridan kelib chiqib rublni zaiflashtirishga jiddiy qiziqish bor, biroq bu jarayon nazoratdan chiqmasligi va inflyatsiya portlashiga olib kelmasligi kerak. Hukumatni eng ko‘p tashvishlantirayotgan omil — inflyatsiyaning yuzaga chiqishi va iqtisodiy barqarorlikning yo‘qolishidir. 2025 yil boshidan buyon rubl 40 foizga qimmatlashgan va Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda eng tez o‘sgan valyutaga aylangan. Dollar kursi 110 rubldan 80 rublgacha tushgan va bu byudjetda belgilangan kursdan 15 foizga past. Biroq neft narxining 70 dollardan 50 dollarga tushishi Rossiya davlat byudjetini qattiq zarbaga uchratgan — yanvar-aprel oylarida neft-gaz tushumlari 10 foizga kamaygan bo‘lsa, mayga kelib bu ko‘rsatkich 33 foizga yetgan. Bu vaziyatda hukumat byudjet prognoziga tuzatishlar kiritgan: Urals markali neftning o‘rtacha yililik narxi 56 dollar deb belgilandi. Natijada, xomashyodan tushadigan daromadlar 25 foizga qisqarib, 10,9 trln rubl o‘rniga 8,3 trln rublni tashkil qilishi mumkin. Byudjet taqchilligi pandemiya davridan beri eng yuqori darajaga — 3,8 trln rublga chiqishi taxmin qilinmoqda. Fondning zaxiralari esa buni qoplashga yetarli emas. So‘nggi ikki yilda Milliy farovonlik fondi (FNB)dagi likvid aktivlar deyarli uchdan ikki qismi sarflandi. 115 mlrddan 76 mlrd dollari allaqachon davlat korporatsiyalariga, yirik loyihalarga va byudjet taqchilligini yopishga yo‘naltirilgan. 2025 yil aprel oyiga kelib, FNBda yuan va oltin ko‘rinishida bor-yo‘g‘i 40 mlrd dollar qolgan — bu 2008 yildan buyon eng past ko‘rsatkichdir. Agar rubl nazorat qilingan holda 1 AQSH dollariga nisbatan 100 yoki 110-120 atrofida qadrsizlantirilsa, bu eksportni rag‘batlantirishi va byudjetni qisman qutqarishi mumkin. Biroq inflyatsiyani boshqarish, ichki bozordagi barqarorlik va aholi daromadlariga ta’sir masalalari hukumat uchun jiddiy muammoga aylanishi mumkin.    

Teglar

Mavzuga oid