
Rossiyada Shimoliy Koreyaning «SPIDga qarshi» dorisi sotilyapti
31.05.2025 | 15:3033373
Rossiyada Wildberries va Ozon kabi yirik onlayn bozorlarda Shimoliy Koreyaning «Kimdan-2» nomli biologik faol qo‘shimchasi (BFQ) savdoga chiqarildi. Ushbu in’eksiya tariqasidagi preparat «qizil keson jensheni» asosida tayyorlangan bo‘lib, uning tarkibida oltin va platina zarralari mavjudligi aytilmoqda.

KXDR hukumati preparatni barcha kasalliklar — MERS, SARS va hatto OITSga qarshi universal dori sifatida reklama qilmoqda. Ishlab chiqaruvchi mazkur vositani immunitetni mustahkamlash, to‘qimalarni qayta tiklash va qarish jarayonini sekinlashtirishga yordam beradi, deydi.
«Kimdan-2» preparati Rossiya bozoriga Krasnodarda joylashgan «Gradiyent» kompaniyasi tomonidan import qilingan. Ushbu preparatni ishlab chiqaruvchi Pugang Pharmaceutical kompaniyasi Koreya Pugang Trading Corporation tarkibiga kiradi. Bu korporatsiya BMT, AQSH va YeI tomonidan harbiy sektor bilan aloqalari uchun sanksiyalarga uchragan. Shunga qaramay, «Kimdan-2» va boshqa shunga o‘xshash vositalar Rossiya bozorida sotilmoqda.
Preparatning narxi taxminan 2500 rublni tashkil etadi. Iste’molchilar uning ta’siri haqida turli fikrlar bildirmoqda. Ayrimlari ukollardan so‘ng o‘zlarini yaxshi his qilishganini aytishsa, boshqalar uning samaradorligiga shubha bilan qaraydi. Preparatning umumiy reytingi 5 balldan 3 ballni tashkil etadi.
Janubiy Koreyaning Donso universiteti tadqiqotchisi Kristofer Mandeyning ta’kidlashicha, Rossiyada «tabiiy va giyoh vositalar"ga bo‘lgan talab yuqori. Shimoliy Koreya buni hisobga olib, o‘z mahsulotlarini rus tilidagi yorliqlar bilan reklama qilmoqda va yarmarkalarda taqdim etmoqda. Bu esa, ushbu mahsulotlar asosan Rossiya bozori uchun mo‘ljallanganini ko‘rsatadi.





