add

Rossiyada soliq islohoti sababli kichik biznesning uchdan biri yopilishi mumkin

23.10.2025 | 12:312402

Yangi soliq islohoti Rossiyada 700 mingdan ortiq tadbirkorga ta’sir qilishi kutilmoqda. Ishbilarmonlar biznesni yopish yoki «xufiyona ishlash»ga majbur bo‘lishini aytishmoqda.

Rossiyada soliq islohoti sababli kichik biznesning uchdan biri yopilishi mumkin

Rossiyada 2026 yildan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yangi soliq islohoti mamlakatdagi kichik tadbirkorlikni jiddiy qiyin ahvolga solishi mumkin. Islohot doirasida yillik daromadi 10 mln rubldan oshgan mikrobiznes sub’ektlari qo‘shimcha qiymat solig‘ini (QQS) to‘lashga majbur bo‘ladi.

«Bu kichik biznes uchun haqiqiy shok», — dedi «Opora Rossii» uyushmasi rahbari Sergey Borisov. Uning so‘zlariga ko‘ra, mikrobiznes uchun yangiliklar salbiy oqibatlarga olib keladi, chunki ko‘plab tadbirkorlar qo‘shimcha xarajatlarni ko‘tara olmaydi. Ushbu tuzilma boshqa biznes uyushmalari bilan birgalikda parlament rahbarlariga islohotni to‘xtatish iltimosi bilan murojaat qilgan.

Tadbirkorlik uyushmalari hisobicha, soliq yuki oshishi 700 mingga yaqin biznesga ta’sir qiladi. 11 ming tadbirkor orasida o‘tkazilgan so‘rovda har uchinchi ishtirokchi biznesini yopish niyatida ekanini aytgan, 30 foizi esa «xufiyona ishlash» yoki soliqni kamaytirish sxemalaridan foydalanish rejasini bildirgan.

Moskva markazidagi do‘kon egasi Sergey Paxomov shunday dedi: «Bizning xarajatlar keskin oshadi. Bir necha yil “soddalashtirilgan” tizimda ishlab keldik, endi esa bunday yukni ko‘tara olamizmi, bilmaymiz».

Soliq islohoti kichik biznes uchun ilk og‘ir sinov emas. 2025 yilda ham «soddalashtirilgan» tizimdagi korxonalar uchun QQSdan ozod qilish chegarasi 250 mln rubldan 60 mln rublga tushirilgan edi. Bu yilgi o‘zgarishlar esa yana 10 mln chegarasini kiritmoqda.

RF Moliya vazirligi vakillari bu qarorni «ancha muvozanatli» deb atayotgan bo‘lsa-da, iqtisodchilar bunday choralar iqtisodiyotda retsessiya va «xufiyona ishlash» hodisalarini kuchaytiradi, deb hisoblaydi. Investbankir Yevgeniy Koganning ta’kidlashicha, «qoidalar har yili o‘zgarmoqda. Tadbirkorlar faqat tirik qolish haqida o‘ylayapti, rivojlanish haqida emas».

Iqtisodchi Sofya Donets buni «tirik odamlar ustida o‘tkazilayotgan eksperiment» deb atadi. Uning fikricha, rejalashtirilgan soliq tushumlari tadbirkorlik faoliyati qisqarishi sababli amalda kamayadi.

Qishloq hududlarda esa allaqachon oziq-ovqat do‘konlari va dorixonalar yopila boshlagan. Kichik biznes vakillari hukumatni katta korporatsiyalarga emas, kichik tadbirkorlarga soliq yukini yuklashda ayblamoqda.

Teglar

Mavzuga oid