
Rossiyada spamga qarshi qonun bank qo‘ng‘iroqlarini ham blokladi
05.09.2025 | 10:005403
1 sentyabrdan kuchga kirgan qonun bank va servis tashkilotlarining qonuniy qo‘ng‘iroqlari ham spam deb topilishiga sabab bo‘lmoqda.

Rossiyada 1 sentyabrdan e’tiboran spam qo‘ng‘iroqlarga qarshi yangi qonun kuchga kirdi. Yangi qoidaga ko‘ra, abonentlar mobil operatorlariga ariza topshirib, ommaviy qo‘ng‘iroqlarni bloklashni so‘ray oladi. Ammo bu xizmat nafaqat reklama, balki foydali qo‘ng‘iroqlarni ham to‘sib qo‘ymoqda.
«Kommersant’» nashri manbalariga ko‘ra, operatorlar barcha yuridik shaxslar qo‘ng‘iroqlarini ommaviy deb baholab, ularni bloklay boshlagan. Bu jarayon bank xodimlarining mijozlar bilan muloqotini, kodli SMS-xabarlarni va texnik yordam qo‘ng‘iroqlarini ham qamrab olmoqda. Masalan, T-Bank mijozlarga qo‘ng‘iroq qilish imkoni yo‘qolganini tasdiqladi va IP-telefoniyaga o‘tishga majbur bo‘lgan.
«MegaFon» va T2 kabi yirik operatorlar ham bloklash foydalanuvchi arizasidan keyin avtomatik faollashtirilishini va «ommaviy deb topilgan» barcha qo‘ng‘iroqlarni qamrab olishini tasdiqladi. MTS esa bunday bloklash «foydali qo‘ng‘iroqlarga» ham ta’sir qilishi mumkinligini rasman e’lon qilgan.
Raqamlashtirish vazirligi qonunning asosiy maqsadi fuqarolarni yolg‘on qo‘ng‘iroqlar va qalloblikdan himoya qilish ekanini ta’kidladi. Ularga ko‘ra, davlat idoralari qo‘ng‘iroqlari blokka tushmaydi va operatorlarda faqat haqiqiy spamni aniqlovchi «aqlli filtrlar» mavjud.
Avgust oyida shunga o‘xshash vaziyat SMS orqali yuborilgan kodlar va bank bildirishnomalari bloklanishi orqali ham yuz bergan edi.





