add

Rossiyada Telegramʼni sekinlashtirish boshlandi

Bugun 09:201352 daqiqa

Rossiyada Telegram messenjeri ishida jiddiy sekinlashuv kuzatilmoqda, foydalanuvchilarning katta qismi media fayllar yuklanmasligi va uzilishlardan shikoyat qilmoqda.

Rossiyada Telegramʼni sekinlashtirish boshlandi

Rossiyada Telegram messenjeri ishidagi muammolar haftaning boshidan beri keskin ko‘paydi. Downdetector va «Sboy.rf» monitoring servislari ma’lumotlariga ko‘ra, 12-dekabr kuni platforma ishidagi nosozliklar bo‘yicha shikoyatlar soni 2,5 mingdan oshgan.

Foydalanuvchilar asosan foto, video, «dumaloq video», emoji va boshqa media fayllarning juda sekin yuklanayotganini qayd etmoqda. Ayrim holatlarda Telegram umuman ochilmagan yoki lenta yangilanmagan, «abadiy ulanish» holatida qolib ketmoqda. Muammolar Wi-Fi tarmoqlarida ham saqlanib qolayotgani ta’kidlanmoqda.

Androidinsider.ru ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada Telegram orqali media fayllarni yuklab olish tezligi o‘rtacha 128 Kb/s ni tashkil etmoqda. IP-manzilni xorijiy davlatlarga almashtirganda esa bu ko‘rsatkich 896 Kb/s gacha oshmoqda. Bu holat rasman tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, mutaxassislar fikricha, u sun’iy cheklovlarga o‘xshaydi.

«TelecomDaily» rahbari Denis Kuskov Telegram ishidagi pasayish «Roskomnadzor» tomonidan amalga oshirilayotgan bosqichma-bosqich choralar yoki messendjerning texnik yangilanishlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, bunday ssenariy Yangi yildan keyin ham davom etishi ehtimoldan xoli emas.

Ijtimoiy tarmoqlar va messendjerlar professional foydalanuvchilari assotsiatsiyasi rahbari Vladimir Zikovning bildirishicha, Rossiyada Telegram ishidagi muammolardan foydalanuvchilarning 80 foiziga yaqini shikoyat qilmoqda. Uning fikricha, bu holat barcha provayderlarda bir vaqtda kuzatilayotgani tashqi aralashuv ehtimolini kuchaytiradi.

Roskomnadzor esa Telegram ishi qasddan sekinlashtirilayotganini rasman rad etmoqda va hozircha messenjerga nisbatan yangi cheklovlar qo‘llanilayotgani haqida ma’lumot bermagan.

Teglar

Mavzuga oid