add

Rossiyada tug‘ilish qisqarishi fonida go‘daklar uchun tovarlar savdosi ham pasaydi

26.01.2026 | 16:352 daqiqa

Rossiyada tug‘ilish pasayishi ortidan bolalar oziq-ovqati savdosi keskin qisqardi, narxlar esa tez o‘sib, ota-onalarni ikkinchi qo‘l bozoriga o‘tishga majbur qilmoqda.

Rossiyada tug‘ilish qisqarishi fonida go‘daklar uchun tovarlar savdosi ham pasaydi

2025 yil yakunlariga ko‘ra, Rossiyada bolalar tovarlari bozorida talab pasayishi qayd etildi. «Kommersant» nashrining «OFD platformasi» ma’lumotlariga tayanib yozishicha, go‘daklar uchun oziq-ovqat, aravachalar, o‘yinchoqlar va kiyim-kechak mahsulotlari sotuvi yil davomida 8 foizga kamaygan. Shu bilan birga, umumiy bozor aylanmasi nominal hisobda 15 foizga o‘sib, 2 trln rubldan oshgan.

Eng katta pasayish bolalar oziq-ovqati segmentida kuzatildi. 2025 yilning ikkinchi yarmida ushbu toifadagi talab yillik hisobda 12 foizga qisqargan. Ayni paytda narxlar ham keskin oshgan: bolalar oziq-ovqati o‘rtacha 44 foizga qimmatlashdi. T-Pay servisi ham xuddi shu dinamikani tasdiqlab, o‘rtacha chek 241 rublga yetganini qayd etgan.

Qimmatlashish boshqa segmentlarda ham kuzatilmoqda. Bolalar aravachalari narxi 28 foizga o‘sib, 21,8 ming rublga chiqqan, o‘yinchoqlar esa 17 foizga qimmatlab, 741 rublni tashkil etgan. Bolalar kiyimi va poyabzalida ham ikkinchi yarim yillikda ikki xonali pasayish qayd etilgan.

Mutaxassislar bozordagi holatni demografik omillar bilan bog‘lamoqda. «Rosstat» ma’lumotlariga ko‘ra, tug‘ilishning yig‘indi koeffitsiyenti 2025 yil oxiriga kelib 1,374 darajaga tushib ketgan. Bu so‘nggi o‘n yil ichidagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. 2015 yilda qayd etilgan 1,762 lik maksimum bilan solishtirganda pasayish 22 foizni tashkil etadi.

Shu sharoitda iste’molchilar xulq-atvori ham o‘zgarmoqda. Platformalar ma’lumotiga ko‘ra, «Avito» orqali bolalar tovarlarining 66 foizi ikkinchi qo‘l bozorida sotib olinmoqda. Reseyl formati ota-onalar uchun eng ommabop variantga aylanib, bozordagi asosiy tendensiya sifatida shakllanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid