
Rossiyada tug‘ilishni ko‘paytirish uchun hayot sifatini pasaytirish taklif qilindi
16.10.2025 | 10:0024655
Deputat Oleg Matveychev demografik inqirozni hal etishning «radikal usuli» sifatida rossiyaliklarning hayot darajasini pasaytirishni taklif qildi. Unga ko‘ra odamlar «yaxshi yashagan sari kam farzand ko‘rishadi».

Rossiya Davlat dumasi deputati Oleg Matveychev mamlakatdagi demografik tanazzulga qarshi «radikal» chora sifatida aholining turmush darajasini pasaytirishni taklif etdi. U bu fikrni Jamoatchilik palatasida abortlarga qarshi qonun muhokamasi chog‘ida bildirdi.
«Demografik muammolarni moddiy farovonlik hal qiladi degan fikrni unutishimiz kerak. Dunyo tajribasi shundan darak beradi — odamlar qanchalik yaxshi yashasa, shunchalik kam bola tug‘iladi. Eng yuqori tug‘ilish — qashshoq mamlakatlarda, eng pasti — boy davlatlarda», — dedi Matveychev.
U, shuningdek, bolali oilalarga moliyaviy yordam berish g‘oyasini ham tanqid qildi. Abortlarni esa «harbiy yo‘qotishlar» bilan tenglashtirib, «SSSRda abortlarni qonuniylashtirib, biz Hitlerdan ko‘ra ko‘proq odamni o‘ldirdik», deya bayonot berdi. Deputatning so‘zlariga ko‘ra, «ruslar hayotdan zavq olishni istaydi, ayollar esa oiladan ko‘ra karyerani tanlaydi», bu esa «jazosiz qolmaydi».
Muhokama davomida uning hamkasbi Vitaliy Milonov «abortlarga ayollarni ko‘proq erkaklar majburlaydi», deya ta’kidlab, «haqiqiy erkak ayolni uydan chiqarmasa ham, abortga qo‘ymaydi» dedi. Boshqa deputat Nikolay Nikolayev esa Rossiyani «ultraliberal g‘arb modellariga taqlid qilishda» aybladi va mamlakat «pravoslav etikaga asoslanishi lozim», deya ta’kidladi.
Eshittiruvlarda iyerey Fyodor Lukyanov ham so‘zga chiqib, ayollarning abort huquqini «Haynrix Himmlerning sovet aholisini yo‘q qilish rejasi»ga qiyosladi. Unga ko‘ra, Rossiya Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikni to‘xtatishi lozim, chunki JSST «ayolning tug‘ishdan oldingi tanlov huquqini qo‘llab-quvvatlaydi».
Muhokamalar Rossiyadagi demografik inqiroz sharoitida kechdi. Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi choragida tug‘ilishlar soni o‘tgan yilga nisbatan 4 foizga kamayib, 288,8 ming bolagacha tushgan — XVIII asrdan buyongi eng past ko‘rsatkich. 2024 yilda esa 1,22 mln bola tug‘ilib, 1,8 mln kishi vafot etgan, aholining sof qisqarishi qariyb 600 mingni tashkil etgan.
2018 yilda Vladimir Putin boshlagan «Demografiya» milliy loyihasi ham kutilgan natija bermadi. 2018–2023 yillarda Rossiyada tug‘ilishlar soni o‘limdan 3,4 mln nafarga kam bo‘ldi. Bu ortidan hukumat tug‘ilish va aholi soni bo‘yicha batafsil ma’lumotlarni maxfiylashtirdi.
Avvalroq Rossiyada demografiyani yaxshilash uchun maktablar 10 yillik ta’limga qaytishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.





