add

Rossiyada xorijga yirik pul o‘tkazmalariga cheklov joriy qilinmoqda

29.05.2025 | 20:0026373

2025 yil 30 maydan e’tiboran Rossiyada chet elga pul o‘tkazish tartibi yangilanmoqda. Endilikda 100 ming rubldan ortiq mablag‘larni faqat bank hisobraqami orqali yuborish mumkin bo‘ladi.

Rossiyada xorijga yirik pul o‘tkazmalariga cheklov joriy qilinmoqda
Yangi tartibga ko‘ra, Rossiya fuqarolari hamda xorijliklar yirik miqdordagi pullarni xorijiy manzilga jo‘natish uchun bankka hujjatlarning to‘liq to‘plamini taqdim etishi shart. Bunda, jumladan, mobil hamyonlar ham tekshiruv va to‘liq identifikatsiyadan o‘tishi lozim bo‘ladi. Avval bunday cheklovlar mavjud emas edi va chet el fuqarolari, shu jumladan, migrantlar faqatgina pasportini ko‘rsatgan holda ham pul o‘tkazmalari amalga oshira olardi. Yangi qoidalar bu imkoniyatni cheklamoqda. Endilikda banklar 100 ming rubldan ortiq pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda jo‘natuvchi shaxsdan pul o‘tkazish maqsadi, oluvchi shaxsi va boshqa qo‘shimcha ma’lumotlarni so‘rash huquqiga ega bo‘ladi. Rossiya rasmiylariga ko‘ra, ushbu choralar noqonuniy daromadlarni qonuniylashtirish va jinoiy kapitalni eksport qilishga qarshi kurashishga qaratilgan. Shu bilan birga, Rossiya banki kartasidan chet eldagi bank kartasiga pul o‘tkazishga hozircha cheklovlar yo‘q. Bank hisobraqami ochish uchun kerakli hujjatlar qatorida pasport, hisob ochish arizasi, STIR (INN), yashash manzilini tasdiqlovchi hujjat va mijoz turiga qarab boshqa qo‘shimcha hujjatlar talab etiladi. Tadbirkorlar va tashkilotlar esa davlat ro‘yxatidan o‘tganlik haqidagi guvohnomani ham taqdim etishlari lozim.

Teglar

Mavzuga oid