add

Rossiyaga qarshi YI sanksiyalarning 20-paketi: asosan xufiyona flot va banklarga zarba

Kecha 09:382 daqiqa

Yevropa Ittifoqining sanksiyalari 20-paketida cheklovlar asosan xufiyona flot, banklar va kriptovalyuta orqali hisob-kitoblarga qaratildi.

Rossiyaga qarshi YI sanksiyalarning 20-paketi: asosan xufiyona flot va banklarga zarba

Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 20-paketini rasman e’lon qildi. Uning aytishicha, to‘rtinchi yilga kirgan urush arafasida Yevropa Ittifoqi Kremlga bosimni kuchaytirmoqda va cheklovlarni Rossiya iqtisodiyotining eng zaif nuqtalariga yo‘naltirmoqda.

Fon der Lyayen so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan bir yil davomida Rossiya qo‘shinlari kuniga o‘rtacha 15–70 metr ilgarilagan, umumiy hisobda esa hududning bor-yo‘g‘i 0,8 foizini egallagan. Bu arzimas ilgarilash ulkan inson va moliyaviy yo‘qotishlar evaziga amalga oshgan.

«Rossiya muzokara stoliga faqat kuchli bosimni his qilgandagina o‘tiradi. Bu — u tushunadigan yagona til», dedi Yevropa komissiyasi rahbari.

 

Xufiyona flotga zarba

Yangi paket doirasida Yevropa Ittifoqi Rossiya neftni tashish bilan bog‘liq barcha dengiz xizmatlarini taqiqlamoqda. Bu chora G7 davlatlari bilan muvofiqlashtiriladi. Sanksiyalar ro‘yxatiga yana 43 ta kema qo‘shildi, natijada, xufiyona flotning cheklov ostidagi kemalari soni 640 taga yetdi.

Shuningdek, suyultirilgan tabiiy gaz tashuvchi tankerler va muzyorar kemalarga texnik xizmat ko‘rsatish ham cheklanadi. Bu qaror Rossiyaning yangi eksport loyihalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba sifatida baholanmoqda.

 

Moliya va kriptobozor

Yevropa komissiyasi Rossiyaning muqobil to‘lov kanallarini yaratish imkoniyatlarini cheklashga alohida e’tibor qaratdi. Sanksiyalar ro‘yxatiga yana 20 ta mintaqaviy bank kiritildi.

Bundan tashqari, rossiyaliklarga kriptovalyuta orqali sanksiyalarni aylanib o‘tish imkonini berayotgan platformalarga nisbatan cheklovlar joriy etilmoqda. Uchinchi davlatlarda Rossiya bilan noqonuniy hisob-kitoblarga yordam berayotgan banklar ham sanksiyalarga tortiladi.

 

Iqtisodiy samara

Fon der Lyayen avvalgi sanksiyalar natijasini ham keltirdi. Uning ma’lum qilishicha, 2025 yilda Rossiyaning neft va gazdan tushgan daromadlari 24 foizga kamaygan va bu 2020 yildan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Inflatsiya yuqori darajada saqlanib qolmoqda, asosiy stavka esa 16 foizni tashkil qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid