add

Rossiyaliklar orasida tinchlik muzokaralarini qo‘llovchilar soni rekord darajaga yetdi

«Levada-sentr» tomonidan may oyida o‘tkazilgan so‘rov natijasiga ko‘ra, Rossiyada Ukraina bilan tinchlik muzokaralarini qo‘llovchilar soni urush boshlanganidan beri eng yuqori darajaga — 64 foizga yetdi. Bu ko‘rsatkich mart oyidan buyon 6 foizga oshgan.

Rossiyaliklar orasida tinchlik muzokaralarini qo‘llovchilar soni rekord darajaga yetdi
Rossiyaliklar orasida Ukraina bilan tinchlik muzokaralarini qo‘llovchilar soni keskin oshdi. «Levada-sentr» tomonidan 2025 yil may oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, har uch rossiyalikdan ikki nafari — 64 foizi urushni to‘xtatish va muzokaralar olib borish tarafdori ekanini bildirgan. Bu urush boshlanganidan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Mart oyida ushbu ko‘rsatkich 58 foizni tashkil etgan, mayga kelib esa 6 foizga oshgan. Shu bilan birga, urushni davom ettirishni qo‘llab-quvvatlovchilar soni 28 foizgacha kamaygan. Solishtirish uchun: 2023 yil may oyida bu ko‘rsatkich 48 foiz, 2024 yil mayida esa 43 foizni tashkil etgan. So‘rov natijalariga ko‘ra, tinchlik tarafdorlari ko‘proq ayollar (73 foiz), 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlar (77 foiz), kichik shahar va qishloqlarda yashauvchilar (67 foiz), mamlakatda ishlar noto‘g‘ri ketmoqda deb hisoblovchilar (76 foiz) hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin faoliyatini ma’qullamaydiganlar (77 foiz) orasida ko‘pchilikni tashkil etadi. Aksincha, urushni davom ettirishni istovchilar asosan erkaklar (39 foiz), 55 yosh va undan kattalar (35 foiz), Moskva aholisi (40 foiz), mamlakat rivojlanishidan mamnunlar (32 foiz) hamda Putinni qo‘llovchilar (30 foiz) orasida uchraydi. Rossiyaliklar may oyidagi eng yodda qolarli voqea sifatida Ikkinchi jahon urushida natsizm ustidan qozonilgan g‘alaba kuni (22 foiz) va Rossiya hamda Ukraina o‘rtasida 16 may kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni (20 foiz) tilga olgan. Bu muzokaralarni rossiyaliklarning 87 foizi qo‘llab-quvvatlagan. So‘rovda qatnashganlarning ko‘pchiligi — 73 foizi urushni tugatish uchun avvalo nizoning ildiz sabablarini bartaraf etish, so‘ngra o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishish lozimligini ta’kidlagan. Faqatgina 18 foiz respondent esa birinchi navbatda o‘t ochishni to‘xtatish, keyin esa boshqa masalalarni hal etish tarafdori ekan. So‘rov 22-28 may kunlari shaxsiy intervyu shaklida o‘tkazilgan. Unda Rossiyaning 50 mintaqasidan 1613 nafar, 18 yoshdan katta fuqarolar ishtirok etgan.    

Teglar

Mavzuga oid

Rossiyaliklar orasida tinchlik muzokaralarini qo‘llovchilar soni rekord darajaga yetdi | Vaqt.uz