
Rossiyaliklardan pul qochdi: respondentlarning yarmi moddiy qiynalgan
15.05.2025 | 09:002773
2025 yil may oyida Rossiya aholisi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, fuqarolarning moliyaviy ahvoli sezilarli darajada yomonlashgan.

The Moscow Times nashrining xabar berishicha, so‘rovda qatnashganlarning 47 foizi o‘tgan yil davomida daromadlari kamayganini ma’lum qilgan. 40 foiz respondentlar daromadlari o‘zgarmaganini, 13 foiz esa daromadlari oshganini bildirgan.
So‘rov natijalariga ko‘ra, aholining 75 foizi mavjud moliyaviy resurslari kundalik ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli emasligini aytgan. 56 foiz fuqaro oylik xarajatlarini rejalashtirish uchun 20 ming rubldan ko‘proq mablag‘ kerakligini bildirgan. 23 foiz fuqaroga 20 ming rublgacha, 21 foiz fuqaroga esa oyiga qo‘shimcha 15 ming rubl kerakligi aniqlangan.
Daromadlarni oshirish maqsadida, 29 foiz rossiyaliklar qo‘shimcha ish topishga harakat qilmoqda, 15 foiz fuqarolar ish haqining oshishini kutmoqda. 25 foiz fuqarolar qarz olishga tayyor ekanligini bildirgan, 18 foiz fuqarolar esa sarf-xarajatlarini qisqartirish orqali moliyaviy ahvolini yaxshilashga harakat qilmoqda. 10 foiz respondentlar passiv daromad manbalari, ya’ni bank foizlari yoki ko‘chmas mulkni ijaraga berish orqali daromad olishga umid qilmoqda.
Bu natijalar Rossiyada aholining moliyaviy ahvoli yomonlashib borayotganini va ko‘pchilikning kundalik ehtiyojlarini qondirishda qiynalayotganini ko‘rsatadi.





