
Rossiyaliklarni importdan qaytarish uchun rublning qurbini tushirish taklif etildi
24.08.2025 | 10:0018873
Davlat Dumasi deputati Anatoliy Aksakov dollar kursini 100 rublgacha tushirishni taklif qildi. Unga ko‘ra, bu orqali rossiyaliklarni importdan qaytarish va mahalliy mahsulotlarni raqobatbardosh qilish mumkin.

Rossiya Davlat Dumasida rubl kursini 1 dollar uchun 100 rubl atrofigacha tushirish taklifi yangradi. Bu haqda moliyaviy bozor bo‘yicha qo‘mita raisi Anatoliy Aksakov «Parlamentskaya gazeta»ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Aksakovning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kurs iqtisodiyot uchun samarali emas, chunki rossiyaliklar hali ham katta hajmda import mahsulotlarini sotib olish imkoniga ega. Uning ta’kidlashicha, «rublni zaiflashtirish mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi raqobat imkoniyatlarini ochadi».
Uning fikrini «Sberbank» rahbari German Gref ham qo‘llab-quvvatlagan — u ham dollar va rubl o‘rtasidagi «100:1» kursni «eng qulay» deb atagan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, sanksiyalar va to‘lov muammolariga qaramasdan, Rossiya oyiga 25–30 mlrd dollarlik import mahsulotlarini olib kirmoqda. Bu ko‘rsatkich urushgacha bo‘lgan darajadan ancha farq qilmaydi, hatto Putin tomonidan berilgan importni keskin qisqartirish topshirig‘iga qaramasdan.
Putinning 2030 yilgacha mo‘ljallangan milliy rivojlanish maqsadlarida import ulushini YAIMning 17 foizigacha tushirish belgilangan. Bu ko‘rsatkich hozirgi paytda 20 foizi atrofida saqlanmoqda.
Aksakovning ta’kidlashicha, rublning tushishi iqtisodiyot uchun manfaatli bo‘lishi mumkin, ammo hozircha bunday o‘zgarish kutilmayapti. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi makroiqtisodiy sharoitlar buning uchun qulay emas.





