add

Rossiyaning dengiz orqali neft eksporti 20 foizga qisqardi — Bloomberg

Bugun 08:48532

AQSHning «Rosneft» va «Lukoyl»ga qarshi sanksiyalaridan keyin Rossiyaning dengiz orqali neft eksporti keskin kamaydi — asosiy xaridorlar sotib olishni to‘xtatgan.

Rossiyaning dengiz orqali neft eksporti 20 foizga qisqardi — Bloomberg

AQSHning yangi sanksiyalari Rossiya neft bozoriga jiddiy zarba berdi. 2 noyabrda yakunlangan haftada Rossiya portlaridan chiqib ketgan neft hajmi 21,1 mln barrelni tashkil etdi, bu esa o‘tgan haftadagi 26,4 mln barreldan 20 foizga kam. Ko‘rsatkich sutkalik hisobda 3,77 mln barreldan 3,02 mln barrelgacha tushgan. Bu haqda Bloomberg ma’lum qildi.

Tahlilchilarning aytishicha, neft tashuvchi 26 ta tanker hozirda mahsulotni qayta ishlash zavodlariga yetkazmasdan, dengizda «suzib yuruvchi ombor» sifatida turib qolgan. Sentyabrdan beri tankerlardagi neft hajmi 8 foizga ko‘payib, 380 mln barreldan oshib ketgan — bu Rossiyaning 100 kunlik eksportiga teng miqdordir.

Hindiston, Xitoy va Turkiya — Rossiya neftning 95 foizini sotib oluvchi asosiy bozorlar hisoblanadi. Ammo so‘nggi cheklovlardan keyin ularning aksariyati yetkazib berishni vaqtincha to‘xtatdi yoki sanksiyalarga kirmagan kichik kompaniyalardan sotib olishga o‘tdi. Hindistonning eng yirik xususiy konserni Reliance Industries AQSH sanksiyalariga amal qilishi, Indian Oil esa dekabr oyiga mo‘ljallangan 3,5 mln barrellik neft partiyasini sanksiyaga kirmagan kompaniyalardan sotib olganini ma’lum qildi.

Xitoyning Sinopec va PetroChina kompaniyalari ham ayrim Rossiya partiyalarini bekor qilgan. Rystad Energy bahosicha, Xitoyning neft importi 45 foizga — ya’ni kuniga taxminan 400 ming barrelgacha kamayishi mumkin.

Gunvor kompaniyasi bosh direktori Torbion Tornkvist fikricha, Rossiya vaqtincha qiyinchilikka duch kelsa ham, eksportni qisman tiklay oladi. Uning ta’kidlashicha, bozordagi ta’sir cheklangan bo‘lib, neft narxi faqat bir necha dollarga ko‘tarilgan — Brent qiymati hozirda 64–66 dollar atrofida.

Teglar

Mavzuga oid

Rossiyaning dengiz orqali neft eksporti 20 foizga qisqardi — Bloomberg | Vaqt.uz