
Rossiyaning eng boy milliarderlaridan biri yana Yevropa yahudiylar kongressi rahbari bo‘ldi
22.05.2025 | 14:3327923
Rossiyalik milliarder Moshe Kantor xalqaro sanksiyalardan so‘ng ikki yillik tanaffusdan keyin Yevropadagi eng nufuzli yahudiylik tashkiloti — Yevropa yahudiylar kongressiga yana rahbar etib saylandi. Bu unga berilgan beshinchi mandat bo‘ldi.

Rossiyaning eng boy insonlaridan biri sanalgan, «Akron» kompaniyasi asoschisi va 9,5 mlrd dollarlik boylikka ega Moshe (Vyacheslav) Kantor Yevropa yahudiylar kongressi (YeYAK) prezidenti etib qayta saylandi. U bu lavozimni oldin 15 yil davomida egallab kelgan, ammo 2022 yili Buyuk Britaniya va YeI tomonidan joriy etilgan sanksiyalar tufayli undan ketgan edi.
Sanksiyalar joriy etilgandan so‘ng Kantor 45 foiz aksiyasini boshqaruvga topshirib, biznesdan chetlashgan, shuningdek, Yad Vashem, Holokost xotirasi forumi va Tel Aviv universiteti qoshidagi markaz faoliyatidagi ishtirokini to‘xtatgan.
2025 yil mart oyida Vengriyaning talabi bilan Yevroparlament Kantorni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqardi. Shu orqali u yana YeYAK prezidentligiga nomzodini qo‘ya oldi. Quddusda o‘tgan Butunjahon yahudiylar kongressida 40 dan ziyod yahujiylar tashkilotlari vakillari uni aksariyat ovoz bilan qo‘llab-quvvatladi. U Ariel Muzikantni almashtirdi — u 2022 yildan buyon kongressga amalda prezidentlik qilib kelayotgan edi.
Kantor o‘z nutqida Isroil hukumatini tanqid qilmaslikni va’da qildi: «Biz krizis paytlarida birlikda bo‘lishimiz kerak. Shu bois, xalqaro mediada Isroilni tanqid qilmaymiz». Muzikant esa aksincha, Isroil rahbariyatini bir necha bor tanqid qilgan va yaqinda Quddusda o‘tgan konferensiyaga yevropalik o‘ng siyosatchilarning chaqirilishini qoralagandi.





