add

Rossiyaning odamsimon roboti taqdimot paytida yiqilib parchalandi

Aidol modeli bir necha qadam bosishga ulgurdi, keyin chayqalanib ketdi-da, polga qulab tushdi.

Rossiyaning odamsimon roboti taqdimot paytida yiqilib parchalandi

Moskvada Rossiyaning sun’iy intellektga (SI) ega birinchi odamsimon robotining taqdimoti muvaffaqiyatsizlikka uchradi. «Yangi texnologik koalitsiya» tomonidan ishlab chiqilgan Aidol nomli model Amerika «Rokki» filmining musiqasi ostida bir necha qadam tashlashga va qo‘l silkitishga ulgurdi, so‘ngra chayqalib, polga qulab tushdi. Bu haqda mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar bermoqda.

Yiqilishdan keyin qisman parchalangan robotni ikki hamroh shoshilinch ravishda sahna ortiga olib chiqib, sahnani qora mato bilan yopdilar. Tadbir to‘xtatildi.

Kompaniya bosh direktori Vladimir Vituxin aytishicha, ilgari robot turli sharoitlarda sinovdan o‘tkazilgan va u toshlar, gilam, laminat, keramzit hamda sirpanchiq pollarda yurgan. Uning fikricha, sahnada yiqilish kuchlanishning buzilishi yoki boshqa omillar tufayli sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

«Bu yerda shuni hisobga olish kerakki, haqiqatan ham boshqacha vaziyat, jumladan, yorug‘lik ham boshqacha edi... Ammo, shubhasiz, hammada unga achinish hissi uyg‘ondi, bu esa uning vazifalaridan biri — hamdardlik uyg‘otishdir», - dedi Vituxin va jamoa xatolarni tahlil qilishini qo‘shimcha qildi.

Robot xizmat ko‘rsatish sohasi, sanoat va jamoat joylarida ishlash uchun mo‘ljallangan.

Uning yaratuvchilari ta’kidlashicha, robot 77 foiz Rossiya butlovchi qismlaridan tashkil topgan va olti soat davomida, shu jumladan internetga ulanmasdan ham ishlashi mumkin. Silikon teri bilan qoplangan Aidolning yuzida 12 ta asosiy hissiyotni ifodalash imkonini beruvchi 19 ta servoyuritma joylashtirilgan.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, robot harakatlanish, buyumlarni boshqarish va muloqot qilish qobiliyatiga ega, bunda u nafaqat buyruqlarni bajaradi, balki inson bilan tabiiy va oqilona tarzda o‘zaro aloqa qiladi.

«Seriyali ishlab chiqarishga o‘tganda, jarayonni to‘liq yo‘lga qo‘yish, tannarxni pasaytirish va mahalliylashtirish darajasini 93 foizga yetkazish bo‘yicha aniq tasavvurga egamiz», - deya ta’kidladilar ishlab chiquvchilar.

Teglar

Mavzuga oid

Rossiyaning odamsimon roboti taqdimot paytida yiqilib parchalandi | Vaqt.uz