add

Rossiyaning yana bir hududida maktablarga hijobda borish taqiqlandi

05.10.2025 | 20:1527484

Rossiyaning Xanti-Mansi avtonom okrugida maktab o‘quvchilariga bosh kiyimlarda, jumladan, hijob va niqobda darslarga kelish taqiqlandi.

Rossiyaning yana bir hududida maktablarga hijobda borish taqiqlandi
Ta’lim va fan departamenti vakillarining aytishicha, bu qaror mintaqadagi 303 ta ta’lim muassasasi tomonidan ichki hujjatlar orqali mustaqil ravishda qabul qilingan. «Monitoring o‘tkazildi, mahalliy aktlar o‘quv yili davomida bosqichma-bosqich tasdiqlanadi», — deyilgan rasmiy bayonotda. Ta’kidlanishicha, taqiq barcha turdagi bosh kiyimlarga — ro‘mol, do‘ppi, shlyapa va boshqa aksessuarlarga ham taalluqli. Departament maktablar ushbu qarorni ota-onalar kengashlari va jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda qabul qilganini qayd etgan. Ota-onalar bolani maktabga qabul qilishdan oldin tashqi ko‘rinish qoidalari bilan tanishib, ularni imzolaydi. Agar rozi bo‘lmasa, bola uchun boshqa o‘quv shaklini — masalan, oilaviy ta’limni tanlashlari mumkin, deb bildirilgan Yugra yoshlar siyosati departamenti bayonotida. Bu kabi taqiq ilk bor joriy qilinmayotgani ta’kidlanmoqda. 2024 yil oktyabr oyida Vladimir oblastida ham hijob va niqobda maktabga kelish man etilgan edi. Rasmiylar buni Rossiyaning dunyoviy davlat ekani bilan izohlab, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida” hamda «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunlarga to‘liq mos deb hisoblashgan. Vladimir oblast gubernatori o‘rinbosari Vladimir Kuimovning ta’kidlashicha, bunday taqiq maktablarda diniy kiyimlar tufayli kelib chiqqan o‘quvchilar o‘rtasidagi ziddiyatlarni bartaraf etish uchun joriy etilgan. Shu tariqa, Rossiya maktablarida diniy kiyimlarga nisbatan cheklovlar geografiyasi kengaymoqda. Rasmiylar buni ta’limning dunyoviy tamoyillarini mustahkamlash bilan izohlayotgan bo‘lsa, faollar va huquq himoyachilari bu chorani diniy erkinlikni cheklash sifatida baholamoqda.

Teglar

Mavzuga oid