
Rossiyaning yirik eksportchilari yuk tashish hajmini qisqartirdi
23.05.2025 | 18:0011715
Rossiya iqtisodiyotidagi sekinlashuv fonida «Rusal» va «Gazpromneft» kabi yirik kompaniyalar temir yo‘l orqali yuk tashish hajmini kamaytirmoqda. Bu «Rossiya temir yo‘llari»ning 2025 yilgi investitsiya rejalariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatmoqda.

Reyter agentligi qo‘lga kiritgan «Rossiya temir yo‘llari» hujjatiga ko‘ra, mamlakatning yetakchi eksportchilari — alyuminiy ishlab chiqaruvchi «Rusal» va neft kompaniyasi «Gazpromneft» temir yo‘l orqali yuk tashish rejalarini keskin kamaytirgan. Bu esa Rossiya iqtisodiyotidagi so‘nggi sustlashuv tendensiyalarini yana bir bor tasdiqlamoqda.
Mazkur hujjat 2025 yil uchun yuk tashish prognozi qayta ko‘rib chiqilgani tufayli «Rossiya temir yo‘llari» qo‘shimcha ravishda 32,5 milliard rubl (408 million dollar) yoki 3,5% sarf-xarajatni qisqartirishi ko‘zda tutilmoqda. Ta’kidlash joizki, kompaniya allaqachon 2024 yilga nisbatan investitsiya xarajatlarini 40%ga kamaytirishni rejalashtirgan edi.
Kompaniyaning yuk tashish hajmi 2024 yilda so‘nggi 15 yil ichidagi eng past ko‘rsatkichga tushgan. Bu ko‘rsatkich Rossiyaning eksportga yo‘naltirilgan sanoati holatini baholashda muhim indikator hisoblanadi.
2025 yilda “Rossiya temir yo‘llari» jami 1,24 milliard tonna yuk tashishni rejalashtirgan bo‘lsa-da, hozirda bu ko‘rsatkich 36,7 million tonnaga kamayishi kutilmoqda. Hujjatda «Rusal», «Severstal», «MMK» kabi o‘nlab yirik kompaniyalar yuk hajmini kamaytirgani qayd etilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar–aprel oylarida yuk tashish hajmi 2024 yilning shu davriga nisbatan 6,8%ga kamaygan.
Kompaniya birinchi vitse-prezidenti Vadim Mixaylov tayyorlagan taqdimotda aytilishicha, investitsiya rejasi faqat istisno holatlarda o‘zgartirilishi mumkin. Qisqartirishning asosiy sabablari qatorida Rossiya markaziy bankining yuqori foiz siyosati (hozirda 21%) natijasida qurilish sur’atlarining pasayishi va po‘lat ishlab chiqaruvchilarning yuk yuklash hajmini kamaytirishi qayd etilgan.
Jumladan, «Severstal», «MMK», «TMK», «NLMK» va «Yevraz» kompaniyalari yuk hajmini kamaytirgan eksportchilar sifatida tilga olingan. Ayni paytda, sanksiyalar ta’sirida temir, yog‘och, neft va o‘g‘it eksportchilari — «Gazpromneft», «Surgutneftegaz», «Tatneft» kabi kompaniyalar ham tashish hajmini qisqartirgan.
Rossiyaning temir va po‘lat sanoati mamlakat YAIMining taxminan 5%ini tashkil etgan bo‘lsa-da, sanksiyalar sababli yuqori daromadli eksport bozorlarini yo‘qotgan. Jahon Po‘lat uyushmasi va Chermet Corporation tahlillariga ko‘ra, 2024 yilda po‘lat ishlab chiqarish, eksport va ichki talab ham pasaygan.
Shuningdek, hujjatda Ukraina dron hujumlari sababli neft korxonalarida yuzaga kelgan buzilishlar ham yuk tashish hajmi kamayishiga ta’sir qilgani aytiladi.





