Rubl 2026-yilda keskin zaiflashishi mumkin — German Gref
«Bunday kuchli rublni ushlab uchun imkoniyat ko‘rmayapman», dedi «Sberbank» rahbari va 2026-yildan kurs pasayishini bashorat qildi.

«Sberbank» rahbari German Gref 2026-yil ikkinchi choragidan boshlab rubl kursi pastlashishi mumkinligini aytdi. Uning fikricha, Markaziy bank tomonidan valuta bozoridagi «darcha operatsiyalari» hajmini qisqartirish va to‘lov balansi profitsitining kamayishi kursni pastga burishi mumkin.
«Bu yil o‘tgan yildagidek kuchli rubl mavjud bo‘lib turishi uchun birorta ham imkoniyat ko‘rmayapman. Bu deyarli barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha samarali emas», dedi Gref jurnalistlar savollariga javob berar ekan.
Qayd etib o‘tish joiz, 2025-yilda rubl dollarga nisbatan qariyb 45 foizga mustahkamlangan edi.
To‘lov balansi va budjet qoidasi
Grefning eslatishicha, 2025-yilda Rossiya to‘lov balansi profitsiti 41 mlrd dollarni tashkil etgan, 2026 yilda esa bu ko‘rsatkich 10 mlrd dollar atrofida bo‘lishi kutilmoqda. «Bunday parametrlar bilan dollar kurs 80 rubl darajasida qolishi — nazariya va amaliyotga zid holat», dedi u.
«Sberbank»ning rasmiy prognoziga ko‘ra, 2026-yil oxiriga borib dollar kursi 85–90 rubl oralig‘ida bo‘lishi mumkin. Gref shaxsiy bahosida esa kurs 95 rubl atrofida, ayrim sharoitlarda 100 rublga yaqinlashishi ehtimolini aytdi.
Markaziy bank siyosati
Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov neft uchun bazaviy narxni pasaytirish masalasi ko‘rib chiqilayotganini bildirgan. Bu qaror qabul qilinsa, Markaziy bank valuta taklifini qisqartirishi mumkin. Hozir Markaziy bank birja orqali kunlik 16,5 mlrd rubllik yuan va oltin sotmoqda, bu rublni qo‘llab-quvvatlayotgan omillardan biri hisoblanadi.
Gref ta’kidlashicha, «Urals» markali neft bo‘yicha diskontlar va past narxlar sharoitida rubl mustahkamligini saqlab qolishi qiyin. «Bu ikki omil — to‘lov balansi va darcha operatsiyalari ikkinchi chorakdan kurs o‘sishiga olib kelishi kerak», dedi u.
Shu bilan birga, bankir aniq sur’atni bashorat qilish qiyinligini ta’kidlab, «qon bilan imzo chekish» talab qilinsa, bunday prognozni kafolatlamasligini bildirdi.





