
Rubl o‘zini o‘nglab oldimi? Rossiya valyutasi mustahkamlanishi ortidagi haqiqiy sabablar
16.09.2025 | 08:2042943
Rubl dollar va yuanga nisbatan mustahkamlanmoqda. Ekspertlar buni RF Markaziy bankining asosiy stavkasi pasaytirilishi va soliq mavsumi bilan bog‘lamoqda.

Rossiya rubli dollar va yuanga nisbatan mustahkamlanishda davom etmoqda. 15 sentyabr kuni valyuta kursi 2 foizga oshdi va 82 rubl darajasigacha tushdi. Bu Markaziy bankning asosiy stavkani kutilmaganda pasaytirishi ortidan sodir bo‘ldi. Rasmiy kurslar ham tushirildi: dollar — 1 rubl 30 kopeykaga, yevro — deyarli 2 rublga.
Iqtisodchi Yegor Susinga ko‘ra, bu mustahkamlanish lokal xarakterga ega. Uning fikricha, «Markaziy bankning qattiq ritorikasi valyuta sotib olishdagi spekulyativ qiziqishni susaytirdi. Bundan tashqari, oy oxiridagi soliq to‘lovlari eksportyorlarni valyuta sotishga majbur qiladi». Shuning uchun rubl sentyabr oxirigacha yana mustahkamlanishi mumkin, deb yozmoqda «Kommersant’» nashri.
Biroq yil oxirigacha import o‘sishi kutilmoqda va bu dollarga talabni oshirishi mumkin. Shu bois yil oxirida kurs 85–90 rubl atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Hukumat esa byudjetda 96,5 rubllik kursni asos qilib olgan.
«Finam» kompaniyasi tahlilchisi Yaroslav Kabakov esa inflyatsiya, kredit faolligi va eksportga qarab valyuta kursining o‘zgarishini kutmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, «real foiz stavkasi yuqori, lekin import ortishi rubl bosim ostida qolishini anglatadi».
Avgust oxirida Rossiya eksportchilari 69 mlrd rubllik valyuta sotib olgan — bu iyul oyiga nisbatan ikki barobar ko‘p. Hozircha rubl mustahkamlanmoqda, biroq yil oxirigacha barqaror trend shakllanishiga shubhalar bor.





