add

Ruminiya Konstitutsiyaviy sudi saylov natijalarini bekor qilishdan bosh tortdi

22.05.2025 | 21:0043413

Ruminiyada konservativ siyosiy harakat vakili Jordje Simion saylov natijalarida tashqi aralashuv bo‘lganini da’vo qilgan edi. Ammo Konstitutsiyaviy sud uning talabini asossiz deb topib, prezidentlik saylovi natijalarini o‘zgartishdan bosh tortdi.

Ruminiya Konstitutsiyaviy sudi saylov natijalarini bekor qilishdan bosh tortdi
Ruminiya Konstitutsiyaviy sudi 22 may kunigi yig‘ilishida prezidentlik saylovi natijalarini bekor qilish bo‘yicha nomzod Jordje Simion tomonidan berilgan arizani ko‘rib chiqdi va uni bir ovozdan rad etdi. Sud qarori yakuniy bo‘lib, bu haqda Markaziy saylov komissiyasiga xabar berilgan. Simion 18 may kuni bo‘lib o‘tgan saylovning ikkinchi bosqichida Buxarest meri Nikushor Danga yutqazdi. Natijalarga ko‘ra, Dan 54 foiz, Simion esa 46 foiz ovoz to‘pladi. Simion saylovga «davlat va nodavlat sub’ektlarining tashqi aralashuvi» bo‘lganini da’vo qilib, natijalarni bekor qilishni so‘ragan. Ushbu da’vo 2024 yil noyabridagi prezidentlik saylovlari natijalarini esga soladi. O‘shanda ham «Ruminiya birligi» partiyasi vakili Kelin Djeordjesku g‘alaba qozongan va keyinchalik Konstitutsiyaviy sud tomonidan saylov natijalari bekor qilingan edi. Bu safar Simionning shikoyati keng jamoatchilik e’tiborini tortdi. Avvalroq Telegram asoschisi Pavel Durov Fransiya hukumati Ruminiyadagi «konservativ ovozlarni o‘chirishga» urinib, messenjerdan talab qilayotganini ma’lum qilganligi haqida xabar bergandik. U o‘z bayonotida, agar rumin demokratiyasiga yordam bersa, Rumыniyaga kelish va guvohlik berishga tayyor ekanini aytdi. Shu bilan birga, Fransiya tashqi ishlar vazirligi bu ayblovlarni rad etdi. Ayni paytda Durov Fransiyada nazoratda bo‘lib, u yerda unga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Shu bois, unga mamlakatdan chiqish uchun hukumat ruxsati kerak.

Teglar

Mavzuga oid