add

Rupiya quladi: kapital Hindistonni tark etmoqda

Bugun 10:562 daqiqa

Savdo urushlari va investorlar ishonchi pasayishi Hindistonning milliy valutasi kursini tarixiy minimumga tushirdi.

Rupiya quladi: kapital Hindistonni tark etmoqda

2026 yil 21-yanvar kuni Hindiston rupiyasi Osiyo valutalari orasida eng yomon ko‘rsatkichni namoyish etib, tarixiy minimumni yangiladi. «Bloomberg» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, rupiya kursi bir kunda 0,8 foizga pasayib, bir dollar uchun 91,7450 darajasiga tushdi. Bu ketma-ket oltinchi kun pasayish bo‘ldi.

E’tiborli jihati shundaki, shu kuni Janubiy Koreya vonasi, Indoneziya rupiyasi va Filippin pesosi kabi mintaqadagi boshqa valutalar, aksincha, mustahkamlandi. Bu holat rupiyadagi muammo faqat mintaqaviy omillar bilan emas, balki Hindistonga xos iqtisodiy va geosiyosiy bosimlar bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatmoqda. Investorlar milliy valutada barqarorlikka ishonchni yo‘qota boshlagani bozor dinamikasida yaqqol sezildi.

Bosim manbalari

Rupiyaga bosimning asosiy manbai — xorijiy kapitalning tez sur’atda chiqib ketishi bo‘lmoqda. Faqat shu oyning o‘zida xorijiy investorlar Hindiston aksiya bozoridan 2,7 mlrd dollar mablag‘ni olib chiqdi. Bu 2025 yil davomida chiqarilgan qariyb 19 mlrd dollar kapital ustiga qo‘shimcha bo‘ldi.

Bundan tashqari, AQSH bilan savdo munosabatlaridagi muammolar ham vaziyatni og‘irlashtirmoqda. Jarima bojlari hind eksportchilariga zarba bermoqda, importga bo‘lgan yuqori talab esa kompaniyalarni dollar zaxiralarini jadal to‘plashga majbur qilyapti. Geosiyosiy noaniqliklar ham kuchaygan: AQSH prezidenti Donald Trampning Grenlandiya masalasi ortidan Yevropa davlatlariga qarshi boj tahdidlari global bozorlarda xavotirni oshirdi va rivojlanayotgan bozorlardan kapital chiqishini tezlashtirdi.

Markaziy bank va kutilmalar

Bu safar Hindiston zaxira banki (RBI) valuta bozoriga nisbatan ancha ehtiyotkor pozitsiyani tanladi. Ilgarigi davrlardan farqli o‘laroq, regulyator rupiyani faol himoya qilishdan tiyilmoqda. Tahlilchilar fikricha, bu korporativ sektorda dollarga real talab yuqoriligi bilan bog‘liq ongli qaror bo‘lishi mumkin.

ANZ foreks-strategi Dhiraj Nimning ta’kidlashicha, rupiyani kuchli himoya qilmaslik ichki likvidlik bilan bog‘liq muammolarni yumshatishi mumkin. 2024 yil oxiridan buyon RBI rezerv talablarini kamaytirish va svop operatsiyalari orqali iqtisodiyotga 14,5 trln rupiy qo‘shdi. «Kotak Mahindra Bank» baholashicha, o‘tgan yil oktabridan beri bank valuta intervensiyalari uchun 45 mlrd dollar sarflagan, ammo hozir bu hajmlar qisqargan. Regulyator rahbari Sanjay Malhotra kursni aniq darajada ushlab turish emas, balki ortiqcha tebranishlarni cheklash maqsad ekanini bildirdi.

Ekspertlar esa yil oxirigacha kurs 92 rupiy atrofida shakllanishini istisno qilmayapti.

Teglar

Mavzuga oid