
«Ryanair» samolyotga jinsi shim kiymasdan chiqishga chaqirdi
Yevropadagi eng yirik loukosterlardan biri «Ryanair» parvoz paytida jinsi kiyishdan voz kechishga chaqirib, ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahslarni qo‘zg‘atdi.

2026 yil boshida «Ryanair» aviakompaniyasi «TikTok» platformasida joylagan videosi orqali yo‘lovchilarni samolyotda jinsi shimda sayohat qilmaslikka da’vat etdi. Kompaniya rolikda: «Hozir 2026 yil, keling, jinsida parvoz qilishni to‘xtataylik», — degan chaqiriq bilan chiqdi. Video an’anaga muvofiq keskin munosabatlarga sabab bo‘ldi.
Izohlarda ko‘plab foydalanuvchilar «Ryanair»ni navbatdagi provokatsion marketingda aybladi. Ayrimlar kompaniya keyinchalik jinsi kiyganlardan qo‘shimcha haq olishini kinoya bilan so‘radi. «Ryanair» esa bunday roliklar orqali auditoriya e’tiborini jalb qilishni odat qilib olgan.
Tibbiyot nima deydi?
Bir qarashda hazilga o‘xshagan bu chaqiriqning tibbiy asosi mavjud. Qon tomir kasalliklari bo‘yicha mutaxassis, «Metro Vein Centres» klinikasi shifokori Hyu Pabaryuning ta’kidlashicha, parvoz vaqtida kiyiladigan kiyim inson salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tor jinsi yoki qattiq tanani siqib turadigan liboslar oyoqlarga qon oqimini cheklaydi. Ayniqsa, uzoq parvozlarda qon oyoqlarda to‘planib qolishi ehtimoli ortadi. Bu esa chuqur venalar trombozi xavfini oshiradi.
Yo‘lovchilar uchun xatar
Mutaxassislarning ogohlantirishicha, bunday holatda inson oyoqlarda uvishish, sanchish yoki kuchli og‘riqni his qilishi mumkin. Uzoq muddat qimirlamay o‘tirish bilan birga tor kiyim kiyish xavfni yanada kuchaytiradi. Shu bois, shifokorlar parvozlar uchun keng, yengil va qon aylanishiga xalaqit bermaydigan kiyimlarni tanlashni maslahat beradi.
Shu tarzda, «Ryanair»ning chaqirig‘i marketing elementiga ega bo‘lsa-da, uning ortida aniq tibbiy dalillar yotibdi. Kompaniya bevosita qoidalar joriy etmagan, ammo muhokama orqali yo‘lovchilarning sog‘lig‘iga e’tibor qaratgan.
Avvalroq Irlandiyaning ushbu loukoster aviakompaniyasi rahbari Ilon Mask bilan ijtimoiy tarmoqda tortishib qolgani va «Ryanair» bu tekin reklamadan foydalanib, katta daromad topgani haqida xabar bergan edik.





