
Saida Mirziyoyeva Ilhom Aliyevning rafiqasiga maktub yo‘lladi
25.08.2025 | 22:0232093
Saida Mirziyoyeva Mehribon Aliyevani tug‘ilgan kuni bilan tabriklab, unga samimiy tilaklar yo‘lladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Ozarbayjon Respublikasi Birinchi vitse-prezidenti Mehribon Aliyevani tug‘ilgan kuni bilan tabriklab, uning nomiga maktub yo‘lladi. Bu haqda «Azertac» nashri xabar berdi.
«Hurmatli Mehribon Orifovna, tug‘ilgan kuningiz munosabati bilan sizni chin dildan tabriklab, eng samimiy tilaklarimni izhor etishdan cheksiz mamnunman. Sizni yorqin va ko‘p qirrali shaxs sifatida – jamoat va davlat arbobi, mehribon rafiqa va ona sifatida doimo qoyil qolib kuzataman», - degan Mirziyoyeva maktubida.
Shuningdek, Mirziyoyeva Aliyevaning insonparvarlik faoliyatiga yuqori baho berib, quyidagilarni qo‘shib o‘tdi:
«Siz o‘zingizning sof va beg‘araz qalbingiz, ezgu ishlaringiz bilan nafaqat butun Ozarbayjon xalqining sevgisini, balki O‘zbekistonda va dunyoning ko‘plab boshqa mamlakatlarida ham katta hurmat qozongansiz».
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari tabrik maktubini quyidagi samimiy tilaklar bilan yakunlagan:
«Ushbu ajoyib kunda sizga chin qalbdan mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, ichki uyg‘unlik hamda barcha olijanob maqsadlaringizni ro‘yobga chiqarish uchun bitmas-tuganmas kuch va g‘ayrat tilayman. Hayotingiz har doim quvonch, g‘amxo‘rlik va yaqinlaringizning mehr-muhabbati bilan to‘lib-toshsin».
Ma’lumot uchun, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning rafiqasi Mehribon Aliyeva 1964 yil 26 avgust kuni Baku shahrida tug‘ilgan. Ertaga u 61 yoshni qarshi oladi. Aliyeva Ilhom Aliyev bilan 1983 yilda turmush qurgan. Ularning hozirda Leyla, Orzu va Haydar ismli 3 farzandi bor.





