
Saida Mirziyoyeva o‘g‘lini «Sehrlandiya» multfilmi premerasiga olib bordi
O‘zbekistonda ilk bor 3D formatdagi to‘liq metrajli «Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi» multfilmi taqdim etildi.

Kecha, 19-dekabr kuni O‘zbekistonda ilk bor 3D formatdagi to‘liq metrajli «Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi» multfilmi premera qilindi. Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘g‘li Shavkatjon bilan ushbu premerada ishtirok etdi.
Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida multfilmining ilk namoyishi haqida fikr bildirib, ushbu voqeani mamlakat madaniy hayotidagi muhim qadam sifatida e’tirof etdi.
«Kecha bolajonim Shavkatjon bilan «Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi» multfilmi premerasida ishtirok etdik. Zalda 2000 nafar bolajon bor edi — ularning ko‘zlaridagi quvonch, hayrat va samimiy kulgini ko‘rib, ko‘nglim to‘lib ketdi. Bolalar multfilmni shunchaki tomosha qilishmadi, go‘yo ichiga kirib ketishdi, qahramonlar bilan birga yashashdi, xursand bo‘lishdi, xavotir olishdi. Bolani aldab bo‘lmaydi. Ular yolg‘onni ham, haqiqatni ham darrov his qiladi. Agar bola ekrandan ko‘z uzmay o‘tirgan bo‘lsa — demak, ijodkor o‘z ishini chin dildan qilgan. Shu ma’noda, bu multfilm bolalarning qalbidan joy olganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim», - deya yozdi u.
Ta’kidlanishicha, bolalarning ekran qahramonlar bilan birga yashashi va voqealar rivojiga bevosita hissiyot bilan yondashishi multfilmning yuqori sifatda ishlanishi natijasidir.
«O‘zbekiston tarixida ilk bor 3D formatda ishlangan to‘liq metrajli animatsion film — bu birinchi qadam. Lekin eng muhimi — bu qadam tashlandi. Ona sifatida aytaman: bolalarimiz o‘z tilida, o‘z ruhiyatiga yaqin, zamonaviy multfilmlarni ko‘rib ulg‘ayishi juda muhim. Shu sabab Jahongir Ahmedov va butun ijodiy jamoaga chin yurakdan minnatdorlik bildiraman. Bo‘shashmanglar, oldinda yanada katta yutuqlar, yanada chiroyli orzular bor», - dedi Prezident Adminstratsiyasi rahbari.





