
Samarqand 2028 yilgi Xalqaro astronavtika kongressiga nomzod
29.09.2025 | 07:5741603
«O‘zbekkosmos» Samarqandni 2028 yilgi Xalqaro astronavtika kongressiga (IAC) mezbon sifatida nomzod qilib ko‘rsatdi. Tadbir 10 mingdan ortiq ishtirokchini jalb qiladi.

28 sentyabr kuni Avstraliyaning Sidney shahrida o‘tkazilgan IAC Hosts Summit doirasida «O‘zbekkosmos» agentligi Samarqandni 2028 yilgi Xalqaro astronavtika kongressiga mezbon sifatida taqdim etdi.
«Ready to Take Off: Pitching Your IAC Vision for 2028» konsepsiyasi bilan agentlik rahbarining o‘rinbosari Muhiddin Ibrohimov chiqish qilib, Samarqandning kuchli jihatlarini taqdim etdi.
IAC dunyodagi eng yirik kosmik forum hisoblanadi va har yili 10 mingga yaqin ishtirokchi — ilmiy agentliklar, yirik korporatsiyalar va sohaning yetakchi mutaxassislarini yig‘adi. Forum tajriba almashish, ilmiy tashabbuslarni ilgari surish va investorlarni jalb qilish uchun muhim maydon sifatida xizmat qiladi.
Oxirgi yillarda kongress Milan (2024), Boku (2023), Parij (2022), Dubay (2021), Vashington (2019), Bremen (2018) va Adelaida (2017) kabi shaharlarda o‘tgan. Ushbu tadbirlar mezbon mamlakatlar uchun kosmik sohani rivojlantirishga katta turtki bo‘lgan.
«O‘zbekkosmos»ning fikricha, Samarqandda kongress o‘tkazilishi xalqaro sarmoyadorlarni ilm markazlari, texnopark va startaplar yaratishga jalb etib, kosmik texnologiyalarda yangi bosqich boshlanishiga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Samarqand shahri joriy yilda UNESCOning Bosh konferensiyasi 43-sessiyasiga ham mezbonlik qiladi. Bu sessiya so‘nggi 40 yil ichida ilk marta Parijdagi bosh qarorgohdan tashqarida o‘tkazilmoqda.





