
«Samarqand – Urgut» yangi temir yo‘l liniyasi ishga tushdi
Ushbu loyiha doirasida 2 ta vokzal, «Urgut» iqtisodiy zonasida ikkita yuk stansiyasi hamda bir qator ko‘priklar barpo etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Samarqand – Urgut» yangi temir yo‘l liniyasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: president.uz
Qayd etilishicha, ushbu temir yo‘l qurilishi joriy yil fevral oyida boshlangan bo‘lib, umumiy uzunligi 55 kilometrni tashkil etadi. Loyiha doirasida ikkita vokzal, «Urgut» iqtisodiy zonasida ikkita yuk stansiyasi hamda bir qator ko‘priklar barpo etildi. E’tiborlisi, mazkur liniyani kelgusida to‘liq elektrlashtirish rejalashtirilgan.

Foto: president.uz
Yangi yo‘nalish ikki juft shaharlararo poyezd va to‘qqiz juft yuk poyezdi qatnovini ta’minlash imkoniyatiga ega. Loyihani shu yil yakuniga qadar yakunlash ko‘zda tutilgan. Poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi orqali yiliga 359 ming yo‘lovchi va 8,2 million tonna yuk tashish imkoni yaratiladi.

Foto: president.uz
Shuningdek, bu yo‘nalish Samarqand shahri, Jomboy, Pastdarg‘om, Toyloq va Urgut tumanlari aholisi uchun xavfsiz va zamonaviy transport xizmati taqdim etadi.
Temir yo‘l infratuzilmasi iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lib, ushbu loyiha «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Yangi yo‘nalish ishga tushishi natijasida 130 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik vakillari bilan birga mazkur yo‘nalishda harakatlanuvchi poyezdda Urgutga bordi.
Urgut vokzali yangi yo‘nalishning asosiy nuqtalaridan biri. Prezident vokzal infratuzilmasi, xizmat ko‘rsatish tizimi va yo‘lovchilar harakatini tashkil etish masalalariga e’tibor qaratdi. Turistlar uchun qulayliklarni yaxshilash muhimligi qayd etildi.





