
Samarqand viloyatida yangi soliq rahbari va uch tumanga yangi hokim tayinlandi
05.08.2025 | 17:2126623
Bugun Samarqand viloyatining Payariq, Toyloq va Urgut tumanlarida navbatdan tashqari sessiyalar o‘tkazilib, tuman hokimliklarida keskin kadr o‘zgarishlari amalga oshirildi.

5 avgust kuni Samarqand viloyatining Payariq, Toyloq va Urgut tumanlarida xalq deputatlari tuman Kengashlarining navbatdan tashqari sessiyalar o‘tkazildi va ushbu tumanlarga yangi hokimlar tayinlandi.
Urgut tumanida hokim Botir Jabborov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev tavsiyasiga ko‘ra, hozirgacha Samarqand viloyati prokurori o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Dilmurod Saidqulov yangi hokim etib tasdiqlandi.
Toyloq tumanida 2018 yildan buyon rahbarlik qilib kelgan Bahodir Bobonazarov o‘z arizasiga ko‘ra vazifasidan ketdi. Uning o‘rniga viloyat hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari Behzod Rahmatullayev tayinlandi.
Payariq tumanida esa 2023 yil avgustidan buyon hokim lavozimida ishlagan I.Jabborov ishdan ozod etildi. Uning o‘rniga hozirgacha viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan Shunqor Xudoyberdiyev yangi hokim sifatida tasdiqlandi.
Shuningdek, Samarqand viloyati soliq boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoyishi bilan Babayev Farrux Mansurovich Samarqand viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Farrux Babayev bunga qadar Soliq qo‘mitasida Soliq organlari faoliyati ustidan nazorat qilish departamenti direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.





