
Samarqandda moliyaviy inklyuzivlik va yashil moliya bo‘yicha 15 mamlakat rahbarlari uchrashdi
30.05.2025 | 10:4536563 daqiqa
Samarqand shahri 26-28 may kunlari moliyaviy inklyuzivlik va yashil moliya mavzulariga bag‘ishlangan yirik xalqaro yig‘ilishga mezbonlik qildi.

Tadbir Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo siyosat tashabbusi (ECAPI)ning 15-yig‘ilishi doirasida, Moliyaviy inklyuzivlik bo‘yicha alyans (AFI) hamda O‘zbekiston Markaziy banki hamkorligida tashkil etildi.
Yig‘ilishda 15 mamlakatdan davlat regulyatorlari, xalqaro tashkilotlar va rivojlanish institutlari vakillari ishtirok etdi. Asosiy maqsad — mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish, moliyaviy inklyuzivlik va barqaror rivojlanish bo‘yicha siyosatlarni takomillashtirishdan iborat bo‘ldi.
Ishtirokchilar kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, kraudfanding, faktoring kabi muqobil moliya manbalari, yashil moliya mahsulotlari va moliyaviy savodxonlikni rivojlantirish borasida tajriba almashishdi. Shuningdek, ECAPIʼning IGF deklaratsiyasi loyihasi yuzasidan hujjat tayyorlash ishlari boshlandi.
Ikkinchi kun «Reguton» — regulyatorlar marafoni formatida o‘tdi. Ishtirokchilar O‘zbekistonda kichik biznes va moliyaviy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlik tajribasini o‘rganishdi. Yakunlovchi kun xalqaro moliyaviy institutlar bilan strategik muloqotga bag‘ishlandi.
O‘zbekiston Markaziy banki 2018 yildan beri AFI a’zosi bo‘lib, 2025 yildan ECAPIda raislikni o‘z zimmasiga oladi. Bu mamlakatning mintaqaviy moliyaviy islohotlardagi faol ishtiroki va yetakchilik salohiyatini yanada oshirishini anglatadi.





