
Samarqanddagi xorijiy korxona tabiatga 7,3 mlrd so‘mlik zarar yetkazdi
09.10.2025 | 17:3028622
Tegishli ruxsatsiz qazish ishlarini amalga oshirgan «S.I.» xorijiy korxonasi tabiatga katta miqdorda zarar yetkazgani aniqlandi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Davlat ekologik nazorati inspeksiyasi tomonidan Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida joylashgan xorijiy korxona faoliyati tekshirildi.
Tekshiruvda korxona 2024 yil noyabrda geologik qidiruv ishlari uchun berilgan ruxsatni buzgan holda, qonun talablariga rioya qilmasdan, yer qa’ridan foydalanishga oid talablarsiz qazish ishlarini amalga oshirgani ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, korxona «Jomboy 3» uchastkasidan 50 ming kub metrdan ortiq tuproqni (liossimon jinslar) noqonuniy ravishda qazib olgan. Bu harakatlar «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi hamda «Yer qa’ri to‘g‘risida»gi qonunlarning bir nechta moddalariga zid hisoblanadi.
Natijada atrof-muhitga 7 milliard 374 million so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani hisob-kitob qilingan. Vazirlik bayonotida ta’kidlanishicha, to‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.





