Samarqandni «Markaziy Osiyoning yashil investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti» deb e’lon qilish taklif etildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Global ekologik jamg‘armaning 8-assambleyasida Samarqandni Markaziy Osiyoning yashil investitsiyalar va innovatsiyalar markaziga aylantirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va mintaqaviy ekologik hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.
© Foto: president.uzSamarqand shahrida o‘tayotgan Global ekologik jamg‘arma (GEF)ning 8-assambleyasi doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zining tabrigida atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va yashil iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi. Davlat rahbari yig‘ilishning 5-iyun — Butunjahon atrof-muhit kuni arafasida o‘tayotganini alohida ta’kidladi.
Prezidentning birinchi tashabbusi
Samarqandga «Markaziy Osiyoning yashil investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti» maqomini berish bilan bog‘liq. Bu orqali shaharni yashil iqtisodiyot, iqlim moliyasi va barqaror rivojlanish bo‘yicha mintaqaviy markazga aylantirish hamda pilot yashil hudud sifatida rivojlantirish rejalashtirilmoqda.
Ikkinchi tashabbus
Samarqandda Kolumbiya universitetining Barqaror rivojlanish markazi bilan hamkorlikda Ulug‘bek nomidagi Barqaror rivojlanish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi. Institut iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni yashil transformatsiya qilish bo‘yicha yetakchi ilmiy-tahliliy maydonga aylanishi kutilmoqda.
Shuningdek, iqlim o‘zgarishi ta’sirini baholash, erta ogohlantirish tizimlari va gidrometeorologiya sohasidagi tadqiqotlarni muvofiqlashtirish uchun Iqlim o‘zgarishi va gidrometeorologiya milliy markazini tashkil etish rejasi ma’lum qilindi.
«Toza havo» davlatlararo konsorsiumini tashkil etish
Prezident Qozog‘iston bilan birgalikda «Toza havo» davlatlararo konsorsiumini ishga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ham qayd etib, mintaqa davlatlarini mazkur tashabbusga qo‘shilishga chaqirdi. Konsorsium yashil moliya, o‘rmon-melioratsiya ishlari va sanoatni ekologik modernizatsiya qilishga xizmat qiladi.
«Cho‘l iqtisodiyoti»
Bundan tashqari, Orolbo‘yida «cho‘l iqtisodiyoti» tashabbusini amalga oshirish hamda 2027 yilgi Toshkent investitsiya forumini “Barqaror rivojlanish va yashil investitsiyalar” mavzusiga bag‘ishlash taklif etildi. Davlat rahbari O‘zbekiston GEF donor davlatlari qatoriga qo‘shilishga tayyorligini ham bildirdi.





