add

Sanginov «O‘zbekneftgaz»da gaz qazib olishni barqarorlashtirmoqchi

Bugun 07:571662 daqiqa

«O‘zbekneftgaz» AJning yangi rahbari Abdug‘ani Sanginov gaz qazib olishni tez fursatda barqarorlashtirish va kompaniyani transformatsiya qilish strategiyasini tasdiqlashni rejalashtirmoqda.

Sanginov «O‘zbekneftgaz»da gaz qazib olishni barqarorlashtirmoqchi

«O‘zbekneftgaz» AJ davlat kompaniyasida bosh vazir o‘rinbsari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Quchqarov ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda jamoaga rasman yangi boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov tanishtirildi va sohadagi dolzarb muammolar, xususan, gaz qazib olish hajmlarining pasayishi muhokama qilindi, deb xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda neft va gaz tarmog‘ini rivojlantirish uchun davlat tomonidan zarur shart-sharoitlar yaratilganiga qaramasdan, kutilgan natijalarga hali erishilmagan. Mavjud holat tanqid ostiga olingan va sohada tizimli o‘zgarishlar zarurligi ta’kidlangan.

Muammolarni bartaraf etish maqsadida geologik qidiruv va qazib olish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish, har bir yo‘nalish bo‘yicha faoliyatni qayta ko‘rib chiqish vazifalari belgilandi. Shuningdek, kompaniyani xalqaro standartlar asosida qayta tashkil etish, zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilish va strategik loyihalarni aniq amaliy natijalarga yo‘naltirish topshirildi.

Alohida e’tibor xorijiy hamkorlar bilan hamkorlik formatiga baho berish va mavjud moliyaviy resurslardan samarali foydalanish masalalariga qaratildi. Yangi rahbardan qarorlarni qat’iyat bilan qabul qilish, intizom va mas’uliyatni ustuvor tamoyilga aylantirish talab etildi.

Abdug‘ani Sanginov o‘z navbatida «O‘zbekneftgaz»ni transformatsiya qilish bo‘yicha yangi strategiyani qisqa muddatda tasdiqlash va gaz qazib olishni barqarorlashtirishni asosiy vazifa sifatida belgilashini ma’lum qildi.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, iqtisodiyot va moliya vazirligida neft va gaz yo‘nalishi bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etildi. Bu qaror sohada boshqaruvni kuchaytirish va islohotlarni tizimli amalga oshirishga qaratilgan.

Avvalroq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 2026 yildan boshlab Qoraqalpog‘istondagi yangi konlar hisobiga gaz qazib olish hajmlarining pasayishini to‘xtatish rejalashtirilgani haqida aytgan edi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 10 oyida gaz qazib olish 35,5 mlrd metr kubni tashkil etdi. Bu 2024 yilning shu davriga nisbatan 1,8 mlrd kub metrga, 2023 yilga nisbatan esa 3,5 mlrd kub metrga kam.

Teglar

Mavzuga oid