
Sanksiyalar va sust iqtisodiyot fonida rubl qanday mustahkam turibdi?
21.05.2025 | 19:4517503
Rossiya iqtisodiyotida o‘sish pasaydi, neft arzonlashdi, sanksiyalar kuchaydi, ammo rubl baribir dollarga nisbatan 80 atrofida mustahkam turibdi. Bu barqarorlik ortida qanday omillar yotibdi va u qanchalik uzoqqa cho‘zilishi mumkin?

2025 yilning birinchi yarmida Rossiya iqtisodiyoti sezilarli sustlashdi. Joriy yilning birinchi choragida YAIM o‘sishi atigi 1,4 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, Brent markali neft narxi 65 dollar atrofida, eksport tushumlari kamaymoqda va sanksiyalar tobora kengaymoqda.
Shunga qaramay, rubl 2025 yilda dunyodagi eng barqaror valyutalardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. U dollarga nisbatan 38 foizga o‘sgan, hatto oltindan ko‘ra yaxshi natija ko‘rsatgan. Bu valyuta mustahkamligi ortida bir nechta geosiyosiy va moliyaviy omillar bor.
Avvalo, Donald Tramp ma’muriyatining proteksionist siyosati, ayniqsa Xitoy mahsulotlariga nisbatan tariflarni oshirishi, dollarning xalqaro mavqeini zaiflatmoqda. Bu Rossiya aktivlariga bo‘lgan qiziqishni oshirgan. Qolaversa, Rossiyada yuqori foizli aktivlar saqlanib qolmoqda, inflyatsiya pasaymoqda, Markaziy bank esa qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirmoqda.
Hatto byudjet xarajatlarining keskin ko‘payishi ham rublning tashqi barqarorligiga jiddiy ta’sir qilgani yo‘q. Ammo ekspertlar bu holat uzoqqa cho‘zilmasligini ta’kidlamoqda. Ayniqsa, importning o‘sishi, yangi sanksiyalar va global dollarning tiklanishi rublning zaiflashishiga sabab bo‘lishi mumkin.





