
Sankt-Peterburgda migrantlarga taksichilik ortidan kuryerlik faoliyati ham taqiqlandi
12.08.2025 | 09:3032993
Gubernator Aleksandr Beglov shaharda patent asosida ishlovchi migrantlarga kuryerlik qilishni taqiqladi. Bu chora ko‘proq YeOIIga a’zo bo‘lmagan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolariga ta’sir qiladi.

Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov migrantlarning kuryerlik faoliyatiga jalb etilishini cheklash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Ta’kidlanishicha, yetkazib berish sohasi tez sur’atlar bilan rivojlanmoqda va katta hajmda noqonuniy hamda norasmiy mehnat bozorini shakllantirmoqda. Yangi tartib xizmat sifati va xavfsizligini oshirish, yoshlar va mahalliy aholi uchun ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan.
Shahar ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, hujjatda bu yil uchun patent asosida ishlovchi chet elliklar faoliyati taqiqlangan yo‘nalishlar ro‘yxati ham kengaytirilgan.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, umumiy kuryerlar orasi chet elliklar ulushi katta emas, shuning uchun tadbir bozor barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Biznesning moslashishi uchun uch oylik o‘tish davri belgilandi.
BRICS Mobility xalqaro loyihasi rahbari Nataliya Vershinina-Adelmanning ta’kidlashicha, mazkur cheklov YeOII a’zolari va patentsiz ishlaydigan boshqa davlat fuqarolariga taalluqli emas. Demak, barcha migrantlarni to‘liq chiqarib yuborish haqida gap yo‘q. Bu ko‘proq YeOIIga a’zo bo‘lmagan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarini qamrab oladi.
Iyul oyi oxirida Beglov migrantlarga taksi sohasida ishlashni ham taqiqlagan edi. Bu qaror ham xizmat xavfsizligi va rossiyaliklar uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish maqsadida qabul qilingan.





