add

Sankt-Peterburgda migrantlarning taksichi bo‘lib ishlashi taqiqlandi

29.07.2025 | 10:1540433

Sankt-Peterburg hukumati 2025 yil oxirigacha chet ellik fuqarolarning patent asosida yengil taksi va ijaraga olingan yengil avtomobillarda haydovchi sifatida ishlashini taqiqladi.

Sankt-Peterburgda migrantlarning taksichi bo‘lib ishlashi taqiqlandi
Bu haqda gubernator Aleksandr Beglov tomonidan imzolangan rasmiy qarorga tayangan holda Meduza xabar berdi. Qaror 2025 yil 7 avgustdan kuchga kiradi. Unga ko‘ra, ayni paytda chet ellik haydovchilarni ishga jalb qilgan kompaniyalarga 3 oylik o‘tish davri berildi. Bu muddat mobaynida ular mavjud mehnat shartnomalarini yakunlab, yangi — mahalliy ishchilarni yollashlari talab etiladi. Ma’muriyat bunday cheklov taksi xizmatlarining sifati va xavfsizligini oshirish, shu bilan birga, rossiyaliklarni ish bilan ta’minlash maqsadida joriy etilganini ma’lum qildi. Taqiq 2025 yil oxirigacha amal qilib, uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari baholanadi. 2026 yildan keyin bu kabi choralarni davom ettirish masalasi alohida muhokama qilinadi. Sankt-Peterburgda bu cheklovlar bir necha oydan beri muhokama qilingan. Iyul oyidan boshlab kurerlik faoliyatida ham chet el fuqarolariga nisbatan taqiq qo‘llash rejalashtirilgani haqida avval xabar qilingan edi. Ma’lumot uchun, Rossiyaning boshqa hududlari ham so‘nggi yillarda migrantlarning ba’zi sohalarda ishlashini cheklash bilan shug‘ullanmoqda. Xususan, Tatariston, Kamchatka va Omsk oblastlarida xorijliklarning taksi sohasida ishlashlari taqiqlangan.

Teglar

Mavzuga oid

Sankt-Peterburgda migrantlarning taksichi bo‘lib ishlashi taqiqlandi | Vaqt.uz