
Sanoat chiqindilaridan yoqilg‘i olish bo‘yicha 78 mln dollarlik yangi loyiha boshlanmoqda
23.06.2025 | 11:4044373
O‘zbekistonda xavfli sanoat chiqindilarini boshqarish va ulardan yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha xalqaro hamkorlikda yirik loyiha amalga oshiriladi. Loyiha doirasida Saudiya Arabistoni va Fransiya kompaniyalari ishtirok etadi.

O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lumot berishicha, Saudiya Arabistonining Vision International Investment (VIIC) va Fransiyaning Suez International kompaniyalari bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi. Unga ko‘ra, 78 mln dollarlik loyiha uch bosqichda amalga oshiriladi.
Birinchisi — chiqindilarni barqarorlashtirish va poligonlarga joylashtirish majmualari hamda mintaqaviy uzatish stansiyalarini yaratish. Ikkinchisi — chiqindidan yoqilg‘i (RDF) olish uskunalari va yoqish infratuzilmasini sinovdan o‘tkazish. Uchinchisi — to‘liq ishlab chiqarish quvvatidagi zavodni barpo etish va ishga tushirish.
Fransiyaning Suez International kompaniyasi butun dunyo bo‘ylab suv ta’minoti, chiqindilarni qayta ishlash va xavfli chiqindilarni boshqarish sohasida faoliyat yuritadi. Saudiya Arabistonining VIIC kompaniyasi esa energetika, infratuzilma va davlat-xususiy sheriklik loyihalariga ixtisoslashgan.
Ta’kidlanishicha, loyiha orqali chiqindilardan foyda olish bilan birga, atrof-muhitga zararli ta’sirni kamaytirish maqsad qilingan. O‘zbekistonda yiliga 14 mln tonna chiqindi hosil bo‘ladi, shundan faqat 4-5 foizi qayta ishlanadi. Bu esa har yili 7 mln tonna issiqxona gazlari atmosferaga chiqishi va 43 ming tonna zaharli moddalar yer ostiga singishiga sabab bo‘lmoqda.
2026 yildan boshlab chiqindi poligonlari Vazirlar Mahkamasi qarori asosida tashkil etiladi. Mavjud poligonlarni 2030 yilgacha 50 foizga qisqartirish rejalashtirilgan.





