add

Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tashkil etiladi

Kecha 12:553 daqiqa

Prezident farmoniga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat xaridlari sohasidagi vazifa, funksiya va vakolatlari agentlikka o‘tkaziladi.

Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tashkil etiladi

O‘zbekistonda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tashkil etiladi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning 4-fevral kuni qabul qilingan «Mahalliy ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini yangi tizim asosida rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan.

Farmonga ko‘ra, quyidagilar tashkil etiladi:

Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi (Agentlik);

Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi boshqaruv kengashi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat xaridlari sohasidagi vazifa, funksiya va vakolatlari Agentlikka o‘tkaziladi.

Baxtiyor Xalimovich Xaydarov O‘zbekiston Respublikasi Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. U bunga qadar Toshkent shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlayotgandi.

2026 yil 1-iyuldan:

Agentlik respublika va mintaqa bozorini tahlil qilib, milliy iqtisodiyotga qo‘shiladigan qiymat zanjirlarini oshirishga xizmat qiluvchi o‘zlashtirish tavsiya etiladigan raqobatbardosh mahsulotlar ro‘yxatini sohalar kesimida bosqichma-bosqich shakllantiradi va e’lon qilib boradi;

o‘zlashtirish tavsiya etiladigan raqobatbardosh mahsulotlar ro‘yxatiga kiritilgan mahsulotlarni o‘zlashtirgan tadbirkorlar bilan o‘rnatilgan tartibda kafolatli xarid shartnomalari tuziladi;

Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini shakllantirishda mahsulotlarni ishlab chiqarishda yaratilgan qo‘shilgan qiymat ulushi qo‘shimcha ball beruvchi ko‘rsatkichlarga kiritiladi.

Davlat xaridlarining samaradorligi

Farmonga ko‘ra, 2027 yil 1-yanvardan:

kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlarining davlat xaridlaridagi ishtirokini kengaytirish maqsadida davlat xaridlarida xarid predmetini texnologik zanjirlar, funksional bosqichlar va ish turlari kesimida alohida lotlarga bo‘lish amaliyoti joriy etiladi;

korporativ buyurtmachilarda «professional xaridor» sertifikatiga ega mutaxassislar mavjud bo‘lmagan taqdirda, 2028 yil 1-yanvardan boshlab ular davlat xaridlarida ishtirok etishi taqiqlanadi.

2026 yil 1-iyuldan esa vositachi-broker va (yoki) dilerlarga ishlab chiqaruvchilar bilan shartnoma tuzish orqali ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni davlat xaridlarida sotish huquqi beriladi.

2026 yil 1-apreldan boshlab budjet buyurtmachilarining davlat xaridlari doirasida chet ellik yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etganda ularga nisbatan taklif etilgan eng past import tovarlarining narxidan quyidagi miqdorlarda narx preferensiyasi beriladi:

3ta va undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 15 foiz;

2ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 12 foiz;

1 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan taqdirda 8 foiz miqdorida.

Elektron-skoring tizimi ishga tushiriladi

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1-sentabrdan davlat xaridlari maxsus axborot portalida xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisining faoliyatini idoralararo axborot almashinuvi orqali avtomatik tarzda baholash imkonini beruvchi elektron-skoring tizimi ishga tushiriladi.

Bunda elektron-skoring tizimi vositasida ishtirokchilarning davlat xaridlaridagi «yuqori», «o‘rta», «past» va «eng past» ishonchlilik darajalari beriladi.

Yuqoridagilar asosida quyidagi rag‘batlantirish choralari ko‘riladi:

«yuqori» ishonchlilik darajasiga ega ishtirokchilar uchun zakalat to‘lash talab etilmaydi;

eng yaxshi takliflarni tanlash va tender savdolarida ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan takliflarga ishonchlilik darajasiga mutanosib ravishda qo‘shimcha ball beriladi;

davlat xaridlari sohasida «eng faol tadbirkor» tanlovida davlat xaridlaridagi ishonchlilik darajasi «yuqori» bo‘lgan davlat xaridlari ishtirokchilarining nomzodlari qo‘llab-quvvatlanadi.

Shuningdek, davlat xaridlaridagi ishonchlilik darajasi «past» va «eng past» bo‘lgan ishtirokchilarning:

xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishiga ruxsat etiladigan davlat xaridlarining yuqori qiymatiga nisbatan me’yorlar belgilanadi;

bepul onlayn o‘quv kurslari orqali malakasini oshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Teglar

Mavzuga oid