
Sanoat korxonalarida oziq-ovqat ishlab chiqarish yetakchilik qilmoqda
Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 58,6 ming sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda va ularning katta qismi oziq-ovqat hamda qurilish materiallari ishlab chiqarishga to‘g‘ri keladi.

Milliy statistika qo‘mitasi 2025 yil 1-noyabr holati bo‘yicha respublikada faoliyat yuritayotgan sanoat korxonalari haqidagi yangilangan ma’lumotlarni e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda umumiy hisobda 58,6 mingta sanoat korxonasi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ular iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida faol ishlab chiqarishni amalga oshirmoqda.
Eng yirik ulushni oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar egallagan. Bu yo‘nalishda 11,7 mingta korxona faoliyat yuritmoqda.
Ikkinchi yirik yo‘nalish — boshqa nometall mineral mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘lib, bu segmentda 8,2 mingta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Qurilish materiallari bozorining kengayishi va infratuzilma loyihalarining ko‘payishi mazkur tarmoqdagi korxonalar soni o‘sishiga asosiy omil bo‘lmoqda.
Kiyim ishlab chiqarish sohasi ham sanoat tarkibida muhim o‘ringa ega. Ushbu yo‘nalishda 5,8 mingta korxona faoliyat yuritmoqda. To‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hisobiga esa 3,6 mingta korxona to‘g‘ri keladi. Eksportga yo‘naltirilgan tekstil va yengil sanoat mahsulotlariga bo‘lgan talab ushbu segmentni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Tayyor metall buyumlari ishlab chiqarish sohasida 4,7 mingta, mebel ishlab chiqarishda 4 mingta korxonaning mavjudligi sanoatda diversifikatsiya darajasi yuqori ekanini ko‘rsatadi. Rezina va plastmassa buyumlari ishlab chiqaruvchi 2,8 mingta korxona esa avtomobilsozlik, qurilish va maishiy ehtiyojlar uchun muhim xomashyo ta’minotini amalga oshirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi atmosfera havosi ifloslanishini bartaraf etish maqsadida sanoat korxonalari zimmasiga bir qator kechiktirib bo‘lmas majburiyatlarni yuklagan.





