add

Sarayevoda G‘azodagi urush jinoyatlarini muhokama qiluvchi xalqaro tribunal boshlandi

29.05.2025 | 08:4523443

Sarayevoda Isroilning G‘azodagi harakatlarini muhokama qilish uchun fuqarolik tashabbusi sifatida mustaqil tashkil etilgan platforma — Xalq tribunali 26 maydan buyon faoliyat yuritmoqda.

Sarayevoda G‘azodagi urush jinoyatlarini muhokama qiluvchi xalqaro tribunal boshlandi
Tribunalning raisi — BMTning falastinliklar masalasidagi sobiq maxsus ma’ruzachi Richard Folk. Tadbir 29 maygacha davom etadi va shu kuni yakuniy deklaratsiya e’lon qilinadi. Tribunalda genotsid, aparteid, majburiy ko‘chirish, fuqarolarning himoyasizligi, xalqaro tashkilotlarning samarasizligi va norozilarni ta’qib qilish kabi mavzular muhokama qilinmoqda. Alohida e’tibor «Srebrenitsadan G‘azogacha» shiori ostida o‘tmishdagi va bugungi genotsid o‘rtasidagi parallellarga qaratiladi. Shuningdek, siyosiy realizm va genotsidning siyosiy-iqtisodiy omillari ham tahlil etiladi. Tribunalning yakunlovchi bosqichi 2025 yil oktyabr oyida Istanbulda bo‘lib o‘tadi. U yerda «Vijdon hakamlari hay’ati» qurbonlar va guvohlar ko‘rsatmalari asosida o‘z xulosalarini taqdim etadi. Barcha muhokamalar onlayn tarzda jonli efirda namoyish etilmoqda. Londonda 2024 yil noyabrida tashkil etilgan mazkur loyiha inson huquqlari faollari, olimlar va jamoatchilik vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Homiylar orasida Islom hamkorlik tashkiloti Yoshlar forumi ham bor — u 50 mamlakatdan 66 tashkilotni birlashtiradi. Bu tribunal BMTning Xalqaro sudi yoki Xalqaro jinoyat sudi o‘rnini bosmaydi. Biroq u yuridik asoslangan xulosalar orqali xalqaro e’tiborni G‘azodagi jinoyatlarga qaratishni maqsad qilgan.

Teglar

Mavzuga oid

Sarayevoda G‘azodagi urush jinoyatlarini muhokama qiluvchi xalqaro tribunal boshlandi | Vaqt.uz